O‘zbekistonga AQSH qo‘shinlari joylashtiriladimi? Mudofaa vazirligi izoh berdi
Jamiyat
−
10 may 2021
22711O‘zbekiston Mudofaa doktrinasida mamlakat hududiga xorijiy davlat harbiy bazasi va ob’ektini joylashtirish ko‘zda tutilmagan. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi vakili ma’lum qildi.
“Mudofaa sohasidagi asosiy hujjatlarda bu masalaga aniq va tiniq javob ko‘rsatilgan – O‘zbekiston o‘z hududiga xorijiy harbiy baza va ob’ektlar joylashtirilishga yo‘l qo‘ymaydi”, degan Mudofaa vazirligi vakili.
Bu tamoyil O‘zbekistonning 2018 yilda qabul qilingan Mudofaa doktrinasida ham, Konstitutsiya va 2012 yilda qabul qilingan mamlakat tashqi siyosat konsepsiyasida belgilangan.
Vazirlik vakili O‘zbekistonning mudofaa siyosati mamlakat qurolli kuchlarining tinchlikparvarlik operatsiyalari va chet eldagi harbiy mojarolarda ishtirok etmaslik prinsipiga asoslanganini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq, “The Wall Street Journal” nashri manbalariga tayanib, AQSH Afg‘onistondan olib chiqayotgan askarlarini O‘zbekiston yoki Tojikistonga joylashtirishi mumkinligi haqida axborot tarqatgandi. Vashington Afg‘onistonga zudlik bilan harbiy kontingent kiritish zarurati tug‘ilgan taqdirda vaqtdan yutqazmaslik uchun shundan rejani ko‘rib chiqayotgani aytilgan.
Ma’lumot uchun, 2001–2005 yillarda AQSH Qashqadaryo viloyatidagi “Xonobod” aerodromidan foydalangan. Biroq 2005 yilda rasmiy Toshkent talabi bilan Vashington harbiy bazasini Qirg‘izistonning Manas aviabazasiga ko‘chirgan.
Afg‘oniston atrofidagi vaziyat
Joriy yilning 14 aprel kuni “Tolibon” barcha xorijiy kuchlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qildi.
Jo Bayden 11 sentyabrgacha Afg‘onistondagi barcha AQSH askarlarini mamlakatdan chiqarish niyatida ekanini aytgandi. Harbiylarni chiqarish ishlari may oyidan boshlanishi kerak.
OAVda AQSH ortidan uning ittifoqchisi Buyuk Britaniya ham Afg‘onistondagi harbiy kontingentini ortga qaytarishini haqida ma’lumotlar tarqaldi. Shuningdek, Gruziya ham Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqmoqchi ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda o‘ldirilgan tinch aholining 43,5 foizi “Tolibon” hissasiga to‘g‘ri kelayotgani haqida xabar berilgandi.
Keyinchalik, rasmiy Tehron “Tolibon” harakatining Afg‘onistonda Islom amirligini tuzish bo‘yicha rejalari to‘g‘risida xabardorligi va bunga aslo yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilgandi.
Turkiya, Pokiston va Afg‘oniston “Tolibon”ni “Afg‘onistonda barqaror tinchlikka olib keladigan har tomonlama muzokarali kelishuvga erishishga” sodiqligini tasdiqlashga chaqirdi.
Shundan so‘ng, Amerika Qo‘shma Shtatlari xorijiy harbiy kontingentni olib chiqish jarayoni doirasida Afg‘onistondan harbiy texnikani olib chiqishni boshladi.
LiveBarchasi