Boliviyada harbiy baza yaqinidagi portlashda 10 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Boliviyaning Vyacha munitsipalitetidagi harbiy kazarma hududida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, yana o‘nlab odam jarohatlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Portlash kecha, 4 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 14:30 da, La-Pasdan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Vyachada sodir bo‘lgan.

Mahalliy rasmiylarning ma’lum qilishicha, portlash Mudofaa vazirligiga tegishli pirotexnika vositalari saqlanadigan hududda yuz bergan. Hodisaning aniq sababi hozircha ma’lum emas.

Vyacha sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Rita Nebraska mahalliy telekanalga kamida 10–15 kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning ma’lum qilishicha, 62 kishi jarohatlangan, ulardan 14 nafari La-Pasdagi shifoxonalarga olib ketilgan.

Jarohatlanganlar orasida tanasining uchinchi darajali kuyishiga duchor bo‘lgan qiz ham bor.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, portlash oqibatida 50 dan ortiq kishi jarohatlangan, atrofdagi o‘nlab uylarga ham zarar yetgan. Asosan portlash to‘lqini sababli binolarning oyna va derazalari singan.

Hodisa joyiga tez yordam mashinalari, tibbiy guruhlar va politsiya xodimlari yuborilgan. Ular jabrlanganlarni xavfsiz hududga olib chiqish va zarar ko‘rgan joylarni tekshirish ishlarini olib bormoqda.

Qutqaruv xizmatlari portlash joyida hali ham yuqori harorat manbai saqlanib qolayotganidan ogohlantirdi. Bu yana bir portlash xavfini yuzaga keltirishi mumkinligi sababli aholiga hodisa joyidan kamida 150 metr uzoqlikda bo‘lish tavsiya qilingan.

Rasmiylar portlash sabablarini aniqlash bo‘yicha tekshiruv boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Boliviya Prezidenti Rodrigo Pas mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida favqulodda holat rejimini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing