Rossiyaning O‘zbekistonga ta’siri kuchayib borayotgani aytilmoqda. Mudofaa vazirligi izoh berdi
Jamiyat
−
05 may 2021
63434Avvalroq, 27–28 aprel kunlari Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan edi. Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida ushbu tashrif sababi bilan bog‘liq turli xil prognozlar va o‘z o‘rnida, qo‘rquvli xabarlar ham tarqaldi. Mudofaa vazirligi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, quyidagi taxmin va qo‘rquvlar “mutlaqo asossiz”:
- Strategik sheriklik doirasida Rossiya qo‘shinlarining O‘zbekistonga kirib kelishi;
- Rossiyaning harbiy to‘qnashuvlariga O‘zbekiston Respublikasining ehtimoliy aralashuvi;
- G‘arb davlatlari tomonidan O‘zbekistonning tashqi siyosatiga salbiy baho berish ehtimoli;
- Rossiyaning O‘zbekistonga ta’siri kuchayib borayotgani;
- Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurati.
Xabarga ko‘ra, birinchidan, mudofaa sohasidagi asosiy hujjatlar, masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (1992), tashqi siyosat kontsepsiyasi (2012) va mudofaa doktrinasi (2018) bu kabi savollarga aniq javob beradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa doktrinasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hech bir davlatni o‘zining dushmani deb hisoblamaydi va barcha mamlakatlar bilan munosabatlarni mamlakat milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini inobatga olgan holda, o‘zaro naf ko‘rish, teng huquqlilik hamda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, barcha nizoli masalalarni tinch vositalar va muzokaralar yo‘li bilan hal qilish, davlatlararo shakllangan chegaralarning buzilmasligi va o‘zgarmasligini tan olish asosida quradi.
“Ikkinchidan, O‘zbekiston o‘zining ichki va tashqi siyosatini belgilaydigan suveren davlatdir.
Shu sababli, G‘arb davlatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatiga bo‘lgan ehtimoliy salbiy baholaridan qo‘rqish, Rossiyaning O‘zbekistonga ta’sirining kuchayib borayotganidan norozilik va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash zarurligi to‘g‘risidagi talablar ham o‘zini oqlamaydi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi “ochiq va ro‘yirost tan olib”, bugungi kunda Rossiya O‘zbekiston aholisining osiyishta hayoti, shuningdek mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga qurol va harbiy texnika yetkazib berishda eng yirik sherik bo‘lib qolayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Shoygu 26-27 aprel kunlari Tojikistonga ish safari uyushtirdi. U Dushanbeda KXSHT Vazirlar Kengashining majlisida qatnashdi va Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo bilan muzokaralar olib bordi.
Bugun, 28 aprel kuni Shoygu Buxoroga tashrifi doirasida Respublika Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov bilan uchrashdi. Unda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2025 yilgacha strategik sheriklik dasturi imzolandi.
Shuningdek, Shoygu O‘zbekistonga “fashizmga qarshi kurash” arxiv hujjatlarini olib keldi.
Joriy yilning 14 aprel kuni “Tolibon” barcha xorijiy kuchlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qildi.
Shundan so‘ng, Amerika Qo‘shma Shtatlari xorijiy harbiy kontingentni olib chiqish jarayoni doirasida Afg‘onistondan harbiy texnikani olib chiqishni boshladi.
Joriy yilning 26 aprel kuni AQSH va NATO Afg‘onistondan qo‘shinlarini ham olib chiqib ketishni boshladi.
Qolaversa, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Tojikiston va O‘zbekistonga tashrifi AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi bilan bog‘liq xavotir bilan ham izohlandi.