Kanadadagi harbiy bazada yong‘in chiqib, 4 nafar harbiy halok bo‘ldi

Olam

−

image

Kanadaning Alberta provinsiyasidagi Wainwright harbiy bazasida kuchli shamol sabab o‘t-o‘lan yong‘ini tez tarqalib, 4 nafar harbiy halok bo‘ldi. Yana 19 kishi og‘ir ahvolda, jami 39 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yong‘in joriy yilning 17 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 atrofida boshlangan. Dastlab o‘t-o‘lan orasida tutab turgan olov kuchli shamol ta’sirida tezda katta yong‘inga aylangan. Shamol tezligi soatiga 96 kilometrgacha yetgan.

Kanada 1-diviziyasi qo‘mondoni, general-mayor Ueyd Ratlendning aytishicha, olov atigi 30–60 soniya ichida bir kilometr masofaga tarqalgan. Uning bildirishicha, shamolning to‘satdan kuchayishi va yong‘inning bunday tez tarqalishi kamdan-kam uchraydigan hodisa hisoblanadi.

“Men hech qachon bunday hodisani ko‘rmaganman”, degan u.

Shuningdek, halok bo‘lgan harbiylar serjant Morgan Vong, oddiy askarlar Shon Farrell, Aydan Goulding va Xeyden Likkemark ekani ma’lum qilingan.

Kanada Bosh vaziri Mark Karni hodisani mamlakat hududida tinchlik davrida harbiylar bilan yuz bergan eng og‘ir fojialardan biri deb atagan. U halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun mamlakat bo‘ylab federal binolardagi bayroqlarni yarim tushirishni buyurgan.

Alberta provinsiyasi Bosh vaziri Deniel Smitning aytishicha, jarohatlanganlarning ko‘pchiligi bir necha hafta yoki oy davomida maxsus va intensiv tibbiy yordamga muhtoj bo‘ladi.

Yong‘in boshlangan vaqtda bazada Kanada malika Patrisiyasining yengil piyoda qo‘shinlari 3-batalonidan 85 nafar harbiy jangovar mashg‘ulotlarda qatnashgan bo‘lgan. Mashg‘ulotlarda haqiqiy o‘q-dorilar ishlatilgan. Harbiylar Latviyaga yuborilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan. Nashrga ko‘ra, Kanada qo‘shinlarining xorijdagi eng yirik harbiy operatsiyasi ayni paytda Latviyada olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, hodisa yuzasidan tergov boshlangan. Rasmiylar hozircha yong‘in nima sababdan kelib chiqqanini aniqlamagan. General-mayor Ratlend hududdagi neft va gaz infratuzilmasi yong‘inga sabab bo‘lgan deb hisoblanmayotganini aytgan. Shuningdek, u tashqi aralashuv ehtimolini ham istisno qilgan.

Yong‘inni o‘chirish uchun harbiy va fuqaroviy o‘t o‘chiruvchilar tun bo‘yi ishlagan. Hodisa joyiga 22 ta yer usti tez yordam mashinasi va sakkizta havo tez yordam mashinasi yuborilgan. Shuningdek, harbiy qidiruv-qutqaruv mutaxassislari ham hududga parashyutlar yordamida tushirilgan.

Wainwright shaharchasi ma’muriyati yong‘in harbiy baza hududidan chiqib, yaqin atrofdagi hududga ham tarqalganini ma’lum qilgan. Biroq aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha buyruq berilmagan.

Ma’lumot uchun, Wainwright harbiy bazasida 2021 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 1 310 nafar harbiy va fuqaroviy xodim xizmat qilgan. Bazada Kanada armiyasining jangovar mashg‘ulotlarini tashkil etuvchi markaz joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Boliviyaning Vyacha munitsipalitetidagi harbiy kazarma hududida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lib, yana o‘nlab odam jarohatlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing