AQSH Iroqdagi siyosiy va harbiy bazalarni topshirdi

Olam

−

image

AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya o‘zi foydalanib kelgan mamlakatdagi siyosiy va harbiy bazalar hamda shtablarning barchasini Iroq hukumatiga topshirdi. Bu haqda “Al Jazeera” telekanaliga Iroq Xavfsizlik axborot xizmati rahbari general-leytenant Saad Maan ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil 30 sentyabrdan keyin Iroqda koalitsiyaning hech qanday jangovar yoki o‘quv bo‘linmalari qolmaydi. Iroq kuchlari mamlakat xavfsizligini mustaqil ravishda ta’minlashga tayyor. Missiya yakunlangach, Iroqning koalitsiyada ishtirok etuvchi davlatlar bilan munosabatlari ikki tomonlama darajaga o‘tadi.

Amerika tomoni qolgan barcha ob’ektlar topshirilganini hozircha tasdiqlagani yo‘q. Shu bilan birga, Pentagon iyul oyida Iroqdagi “Operation Inherent Resolve” (“Zavolga yuz tutmas qat’iyat” operatsiyasi) missiyasi 2026 yil 30 sentyabrga qadar yakunlanishi kerakligini e’lon qilgan. Pentagon rahbari Pit Hegset o‘shanda Vashington Bag‘dod bilan kelishilgan jadvalni to‘liq bajarish niyatida ekanini aytgan.

Qo‘shinlarni olib chiqish bir necha bosqichda kechgan. Yana yanvar oyida Iroq komissiyasi koalitsiya maslahatchilari federal hukumat nazorati ostidagi hududlardagi barcha bazalar va qo‘mondonlik shtablarini, jumladan, Ayn al-Asad aviabazasini tark etganini xabar qilgan. Shundan so‘ng, koalitsiya kuchlari Iroq Kurdistonidagi Erbil aviabazasida qolishni davom ettirdi va u yerdan Suriyadagi ISHIDga qarshi operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlab turdi.

AQSH va Iroq 2024 yilning sentyabr oyida missiyani ikki bosqichda yakunlashga kelishib olgan edi. Dastlab bevosita Iroqdagi harbiy missiyani 2025 yilning sentyabrigacha yakunlash rejalashtirilgan edi, ammo Suriyadagi ISHIDga qarshi operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakat hududidan foydalanish 2026 yilning sentyabrigacha ko‘zda tutilgan edi. Joriy yilning iyul oyida Vashington va Bag‘dod 30 sentyabr sanasini Iroqdagi “Operation Inherent Resolve” missiyasining uzil-kesil yakunlanish kuni sifatida tasdiqladi.

Ma’lumot uchun, operatsiya 2014 yilning avgustida ISHID tomonidan Iroq va Suriyaning salmoqli hududlari egallab olinganidan keyin boshlangan. AQSH va ularning ittifoqchilari guruh pozitsiyalariga aviazarbalar berdi va Iroq kuchlarini o‘qitdi. Iroqdagi ISHIDning hududiy “xalifaligi” 2017 yilning oxiriga kelib tugatildi, ammo xalqaro koalitsiya guruhning qolgan yacheykalariga qarshi operatsiyalarni davom ettirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH qo‘shinlarni olib chiqishdan oldin Iroq shimolidagi o‘z havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimlarini demontaj qilishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing