O‘zbekiston Fransiyadan tibbiy vertolyotlar sotib olmoqda
Jamiyat
−
03 noyabr 2023
6986O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Fransiyaning “Airbus Helicopters” kompaniyasidan 10 ta tibbiy vertolyot sotib olmoqda. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma biznes forumi O‘zbekiston uchun manfaatli kelishuvlar eshigini ochgan.
Xususan, Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Fransiyaning “Airbus Helicopters” kompaniyasi rahbariyati bilan mamlakatda tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishgan.
Unga ko‘ra, Inoyatov kompaniya rahbariyati bilan Respublika tez tibbiy yordam tizimi uchun 10 ta “Airbus H-145” rusumli tibbiy vertolyotlarni xarid qilish hamda O‘zbekistonda Yevropa standartlariga mos tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etishni muhokama qilgan.
Shuningdek, muzokara davomida mazkur sohaning moddiy-texnika bazasini yaratish hamda mutaxassislar tayyorlash, tog‘li va chekka hududlarda tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish mexanizmlarini ishlab chiqish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari vazir tibbiy kislorod generatorlari, tibbiy gaz qurilmalari va tizimlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Gaz sistem” kompaniyasi raisi Jan Eduard bilan ham o‘zaro hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 noyabr kuni Emmanuel Makron Samarqandga yetib kelgandi. 2 noyabrda Kongress markazida uni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oldinroq Mirziyoyev va Makron tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazgandi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron Qo‘shma bayonot qabul qildi. Prezidentlar huzurida moliya, ta’lim, madaniyat va ikki tomonlama hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Makron kelishidan oldin “Bloomberg” nashri Fransiya Prezidentining Qozog‘iston va O‘zbekistonga safaridan maqsad mamlakatning energiya xavfsizligini yaxshilash ekanini yozgandi. AFP esa Yelisey saroyidagi manbasiga tayanib, Makronning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan mintaqada AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan birga Parij ham o‘z vaznini saqlab qolishini maqsad qilganini xabar bergandi.
LiveBarchasi