Amrillo Inoyatov yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
09 yanvar
25903Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Amrillo Inoyatov Shodiyevich Salomatlik va strategik rivojlanish instituti direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Joriy yilning 4 yanvar kuni sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov lavozimidan ozod qilingandi.
Uning o‘rniga Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari Asilbek Xudayarov tayinlandi.
Ma’lumot o‘rnida, Amrillo Inoyatov SSV vaziri etib 2022 yilning dekabr oyida tayinlangan edi.
U 1979 yilda tug‘ilgan. 2001 yil Buxoro davlat tibbiyot institutini, 2005 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasida "Bolalar yuz-jag‘ jarrohligi" mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturani tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2001 yilda Buxoro davlat tibbiyot instituti ilmiy-tekshirish laboratoriyasida boshlagan. 2006-2014 yillarda ushbu institutning "Xirurgik stomatologiya" kafedrasi assistenti, mazkur kafedra mudiri, Stomatologiya fakulteti dekani vazifalarida ishlagan.
2014-2020 yillarda Toshkent davlat stomatologiya instituti Buxoro filialining Stomatologiya fakulteti dekani, ushbu filial direktori, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Amrillo Inoyatov 2020 yil iyulida O‘zbekiston Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
2020 yil 3 noyabrdan to vazir lavozimiga tayinlangunicha u Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlagan.