Bolalarga fastfud reklamasi cheklanishi mumkin. Qozog‘istonda!
Olam
−
18:22 159 2 daqiqa
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarga yo‘naltirilgan fastfud, shirin ichimliklar va tarkibida shakar, tuz hamda to‘yingan yog‘lar ko‘p bo‘lgan mahsulotlar reklamasini cheklashni taklif qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik tomonidan ushbu mahsulotlar reklamasini televideniye va radio, ijtimoiy tarmoqlar hamda tashqi reklama vositalarida cheklash bo‘yicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur tashabbus orqali bolalarning oziq-ovqat tanloviga marketing ta’sirini kamaytirish va ularda yoshligidan sog‘lom ovqatlanish odatlarini shakllantirishni maqsad qilgan.
Vazirlik vakillariga ko‘ra, bolalar va o‘smirlar reklama ta’siriga nisbatan sezgirroq bo‘ladi. Xususan, yorqin qadoqlar, ijtimoiy tarmoqlardagi reklama, blogerlar va boshqa marketing vositalari ularning oziq-ovqat tanloviga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qayd etilishicha, hozirda taklif etilayotgan cheklovlarning iqtisodiy va ijtimoiy ta’sirini baholash uchun tartibga solish ta’sirini tahlil qilish ishlari boshlangan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda 6-9 yoshli bolalarning 23 foizi ortiqcha vaznga ega, 6 foizida esa semirish kuzatiladi. Shuningdek, o‘smirlarning 17,5 foizi energetik ichimliklarni haftasiga kamida bir marta iste’mol qiladi. Qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar tahlil natijalariga ko‘ra ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston hukumati tomonidan 16 yoshdan kichik bo‘lgan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi