O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 8 ta hujjat imzolandi
Jamiyat
−
02 noyabr 2023
11650Bugun, 2 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Qo‘shma bayonot qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, bayonotda ikki davlatning o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyati qayd etilgan.
Shuningdek, hujjatda ikki tomonlama hamkorlikning joriy holatiga hamda turli sohalarda davlatlararo munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollariga baho berilgan. Tomonlarning xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga, dolzarb global va mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilishga intilishi tasdiqlangan.
Prezidentlar huzurida moliya, ta’lim, madaniyat va ikki tomonlama hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan.
Jumladan:
- “Samarqand Fransuz Alyansi”ni tashkil etish va uning faoliyati to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hukumatlararo moliyaviy bayonnomalar (1- va 2-bosqichlar);
- O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi va “PROPARKO”ni tashkil etish va ularning faoliyati to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
- tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
- maktabgacha, maktab, professional va oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha bayonnoma;
- madaniy meros sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
- professional va texnik ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuv.
Bundan tashqari, tashrif doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “SUEZ” va “Bouygues” kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyalar imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 noyabr kuni Emmanuel Makron Samarqandga yetib kelgandi. Bugun, 2 noyabrda Kongress markazida uni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oldinroq Mirziyoyev va Makron tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazgandi. Makron kelishidan oldin “Bloomberg” nashri Fransiya Prezidentining Qozog‘iston va O‘zbekistonga safaridan maqsad mamlakatning energiya xavfsizligini yaxshilash ekanini yozgandi. AFP esa Yelisey saroyidagi manbasiga tayanib, Makronning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan mintaqada AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan birga Parij ham o‘z vaznini saqlab qolishini maqsad qilganini xabar bergandi.
LiveBarchasi