Urushning 20 kunida 7 000 dan ko‘p rus askari o‘ldi – AQSH razvedkasi
Jamiyat
−
17 mart 2022
8032Ukrainadagi urushning 20 kunida jangovar harakatlarda 7000 dan ortiq rossiyalik harbiy halok bo‘ldi. Bu Iroq va Afg‘onistondagi urushlar davomida 20 yil ichida halok bo‘lgan amerikalik askarlarning umumiy sonidan ko‘p. Bu haqda “The New York Times” Amerika razvedkasining “konservativ hisob-kitoblariga” tayanib yozmoqda.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, yana 14 mingdan 21 ming nafargacha rus harbiylari jarohat olgan. Nashr Rossiya tomonidan urushda 150 mingdan ortiq harbiy ishtirok etayotganini yozmoqda.
Pentagonning anonim rasmiylarining ta’kidlashicha, ko‘p va ortib borayotgan qurbonlar Rossiya armiyasining ruhiy holatiga putur yetkazishi mumkin.
Shu bilan birga, “The New York Times” manbalari ularning o‘lganlar haqidagi ma’lumotlari noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Ular ommaviy axborot vositalari tahlili, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va o‘qqa tutilgan rus askarlari va texnikasining suratlari, shuningdek tomonlarning rasmiy ma’lumotlari asosida tuzilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi urush boshlanganidan beri faqat bir marta halok bo‘lgan rus harbiylari haqidagi ma’lumotlarni ochiqladi. 2 mart kuni idora Ukrainada 498 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lganini, yana 1597 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
Ukraina tomonining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya armiyasining yo‘qotishlari 13,8 ming kishini tashkil qiladi. Shu bilan birga, gap faqat o‘lganlar haqidami yoki yaradorlar va mahbuslar haqidami, aniqlanmagan.
Shuningdek, Ukraina rasmiylari urush paytida to‘rt nafar rossiyalik general halok bo‘lganini e’lon qildi. Rossiya bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi