Urushdan madori quriyotgan Ukrainani tiklashda Italiya ham yordam berishi mumkin

Olam

image

Italiya kelajakda Ukrainani qayta tiklashda yordam berishi mumkin. Bu haqda Italiyaning Ukrainadagi elchisi Per Franchesko Dzadzo ANSA agentligiga bergan intervyusida so‘z ochgan

“Italiya Yevropaning uchinchi iqtisodiyoti hisoblangani hamda ma’lum ma’noda Ukraina iqtisodiy tizimini to‘ldirish imkoniga ega bo‘lgani sababli, mamlakatni qayta tiklash harakatlarida hal qiluvchi rolni o‘ynashi mumkin. Shuningdek, bizni “Confindustria” va boshqa ko‘plab yirik kompaniyalar bilan aloqalarimiz bor. Ular Italiyani agrosanoat sektori, mashinasozlik kabi sohalarda katta salohiyatga ega mamlakat deb biladi”, deydi elchi. 

Avvalroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urush tugaganidan keyin mamlakatni tiklashda Rossiya ham, Yevropa davlatlari ham ishtirok etishi kerak, degan fikrni bildirgan edi.

U, shuningdek Ukrainani qayta tiklash uchun kamida 600 milliard dollar kerak bo‘lishini, biroq bu hadli taxminiy miqdor ekanini aytib o‘tgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

15

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing