Urushda qancha ukrain askari bedarak yo‘qolgani ochiqlandi

Olam

image

Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlangandan beri 7200 nafar ukrainalik harbiy bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu raqam turli tuzilmalar, jumladan Milliy gvardiya, chegara qo‘shinlari va maxsus xizmatlar vakillarini o‘z ichiga oladi. Bu haqda alohida holatlarda bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha mas’ul Oleg Kotenko aytib o‘tdi.

“Agar biz harbiylar haqida gapiradigan bo‘lsak, harbiylar kimligini bilishimiz mumkin. Ukraina Qurolli Kuchlari, Milliy gvardiya, chegarachilar, Ukraina xavfsizlik xizmati bor va bular turli muassasalar. Ular Ukraina Qurolli Kuchlari tomonidan berilgan ko‘rsatkichga kiritilmagan”, degan Ombudsman.

Unga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari bedarak yo‘qolgan askarlar ikki ming nafar ekanini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Ombudsmanning Call-markaziga qariyb 7200 nafar fuqaro haqida ma’lumot kelib tushgan.

“Masalan, “Azov” polki – Milliy gvardiya, u yerda ham bedarak yo‘qolganlar bor. Ular “Azovstal”ni tark etganlaridan keyin qarindoshlari bilan bog‘lanishmagan”,deya tushuntirgan Kotenko.

Unga ko‘ra, bedarak yo‘qolgan askarlarning aksariyati asirlikda. Misol tariqasida u 36-brigadaning 1-bataloni harbiylarini keltirgan.

“Biz ular Rossiyaga olib ketilganini bilamiz. Birinchidan, u yerda qancha odam borligini tushunishimiz kerak. Agar ular yuzdan ortiq bo‘lsa, deyarli butun batalon asirlikda degani bo‘ladi”, deydi ombudsman.

Kotenkoning qo‘shimcha qilishicha, asirlikda bo‘lgan jangchilarning bir qismi bilan aloqa o‘rnatilmagan. Ular yo‘qolgan deb hisoblanadi. Biroq, Ombudsman ertami-kechmi askarlar almashishiga ishonch bildirgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

21

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing