Urush Ukrainaga oyiga qanchaga tushayotgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
22 iyun 2022
9283Ukraina hukumati “urushni boshqarish” uchun oyiga 5-6 milliard dollar sarflashga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauer kecha, 21 iyun kuni “Oldinga yo‘l” (The Way Forward) ommaviy tok-shousida Jahon banki guruhi prezidenti Devid Malpassning savollariga javob berish asnosida aytib o‘tdi.
Pauerning ta’kidlashicha, bu xarajat “hayratlanarli” va hatto AQSH ma’muriyati Ukrainaga yordam sifatida ajratishga tayyorlanayotgan 7,5 milliard dollar ham urush xarajatlarini qoplashga yetmaydi.
“Biz bilamizki, bu mablag‘ yetarli emas, bilamizki, kelajakda bundan ham ko‘proq to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjet yordami talab etiladi”, deydi USAID rahbari.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining uzoq muddatli oqibatlari bilan bog‘liq muammolar haqida gapirar ekan, Malpass va Pauer global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlarni muhokama qildi. Pauerning so‘zlariga ko‘ra, Putin “oziq-ovqat va gumanitar yordam"ni Ukrainadagi urush vositasi sifatida foydalanib, global ochlikni qurolga aylantiryapti hamda dezinformatsiyadan foydalanib, rivojlanayotgan mamlakatlarni ularning oziq-ovqat muammolarining sababi sanksiyalar ekaniga ishontirishga harakat qilyapti. Shu tariqa Rossiya Ukrainadagi oziq-ovqat eksportini to‘sib qo‘yganini ochlikka aloqasi yo‘qdek ko‘rsatyapti.
Aprel oyida Jahon banki Ukraina yalpi ichki mahsuloti urush sabab o‘tgan yilga nisbatan 45,1 foizga tushishini bashorat qilgan edi. Urush va odamlarning ko‘chirilishi Ukrainadagi qashshoqlik darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qashshoqlik chegarasidan pastda yashayotgan mamlakat aholisining ulushi (taqqoslash mumkin bo‘lgan daromadga ega mamlakatlar uchun bu chegara kuniga 5,5 dollarni tashkil qiladi) 1,8 foizdan 19,8 foizga keskin o‘sishi bilan xavf solmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi