Urush boshlanganidan beri AQSH Ukrainaga qancha yordam bergani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

AQSH tomonidan Ukrainaga berilgan harbiy yordamning umumiy miqdori 2 milliard dollardan oshdi, shuningdek ukrainalik harbiy xizmatchilar kerakli texniklarni olmoqda. Bu haqda Mudofaa vaziri Lloyd Ostin CBS telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan. 

"Oxirgi ikki hafta ichida biz Ukrainaga 300 million dollardan ortiq harbiy texnika yetkazib berdik va Prezident (AQSH Jo Bayden) yaqinda yana 800 million dollarlik harbiy texnikani yetkazish xususida hujjatni imzoladi.  Umuman olganda, biz Ukrainaga ko‘rsatayotgan xavfsizlik yordami bundan ham ko‘proq, 2 milliard dollarni tashkil qiladi”, deydi Lloyd Ostin. 

Vazir Slovakiya, Sharqiy Yevropa mamlakatlari Ukrainaga S-300 zenit-raketa komplekslarini yuborishga tayyorligi haqidagi savolga quyidagicha javob bergan:

“Biz ular va boshqa ittifoqchilar bilan hamkorlikni nafaqat Ukrainaga yordam berish, balki Kiyev o‘z osmonini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun davom ettiramiz”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 300 million yevro miqdoridagi imtiyozli kredit o‘tkazgandi. Shuningdek, YeI o‘z tarixida birinchi marta harbiy mojaro zonasiga qurol yetkazib berishni moliyalashtirishga va’da bergandi. 

Bundan tashqari, Yevropa tinchlik jamg‘armasi (European peace facility) Ukrainaga harbiy jihatdan yordam berish uchun 500 million yevro ajratgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

50

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing