Ukrainaning pozitsiyasi o‘zgarmaydi – Zelenskiy “referendum”larga munosabat bildirdi

Olam

image

Ukrainaning egallangan hududlar bo‘yicha pozitsiyasi turli shovqin va tashqaridan bo‘layotgan e’lonlarga qarab o‘zgarmaydi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 20 sentyabr kunidagi videomurojaatida aytib o‘tdi.

“Bugun Rossiyadan juda shov-shuvli xabarlar bor. Bu borada savollar juda ko‘p. Lekin aslida nima bo‘ldi? Avval aytilmagan nima yangradi?”, deydi u an’anaviy videomurojaatida.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning pozitsiyasi aniq va hammaga ma’lum.

“Bizni qiziqtirgan narsa shu. Qayerdadir eshitilayotgan narsa emas, bizning vazifamiz”, deydi u.

Davlat rahbari Ukraina Qurolli Kuchlarini, razvedka, Maxsus operatsiyalar kuchlarini, Ukraina Xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, politsiya, chegarachilarni – mamlakat hududiy yaxlitligini bosqichma-bosqich tiklayotgan har bir kishini ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

“Bizning pozitsiyalarimiz shovqin yoki qayerdandir bo‘layotgan e’lonlardan o‘zgarmaydi. Va bu borada hamkorlarimiz bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda”, deya ta’kidladi Ukraina rahbari.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, rasmiylar sodir bo‘layotgan voqealar haqida xalqaro munosabatlarning barcha sub’ektlarini xabardor qiladi.

“Shunday ekan, biz bosimni saqlab turamiz. Biz birdamlikni saqlaymiz. Biz Ukrainani himoya qilamiz. Biz yerimizni ozod qilamiz. Va biz hech qanday zaiflik ko‘rsatmaymiz.

Men Ukrainaning barcha do‘stlari va hamkorlariga Rossiyaning navbatdagi psevdoreferendum o‘tkazishga urinishlarini bugungi ommaviy, prinsipial va qat’iy qoralagani uchun minnatdorlik bildiraman”, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23–27 sentyabr kunlari Ukraina hududidagi tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hamda Rossiya tomonidan egallangan Xerson va Zaporoje viloyatlarida RFga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

16

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing