Ukrainadagi urush fonida Yevropa Rossiya gazini yanada ko‘proq sotib olyapti

Olam

image

Ukrainadagi qurolli to‘qnashuvlarga qaramay, Rossiyaning Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi o‘sishda davom etmoqda. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi. 

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, Rossiya gazining Ukraina orqali yetkazib beriladigan sutkalik hajmi 109 million kub metrni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning 1 yanvariga kelib bu ko‘rsatkich 74,4 million kub metrga qisqargan.

Joriy yilning 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga faol hujum harakatlarini boshlaganidan so‘ng, Yevropaga “ko‘k yoqilg‘i” yetkazib berish hajmi yana oshgan. Shunday qilib, gaz yetkazib berish hajmi 23 fevralda 62 million kub metrni, 25 fevralda 110 million kub metrni, 26 fevralda esa 109 million kub metrni tashkil qilgan.

Rossiyaning “Gazprom” xolding kompaniyasi vakili Sergey Kupriyanov 28 fevral kuni Rossiya gazini Ukraina orqali Yevropaga yetkazib berish odatdagidek davom etayotgani va kuniga o‘rtacha 100 million kub metrni tashkil etishini ma’lum qilgan.

Aytish joizki, Yevropa Rossiyadan tabiiy gazning qariyb 40 foizini yoki 175 milliard kub metrni import qiladi.

Biroq, Rossiyaning Ukrainaga bosqini hamda Yevropa Ittifoqining Moskvaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalari, shuningdek, Ukrainadagi quvurlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi “Gazprom”ning gaz yetkazib berish hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirlar bor.

Shunday qilib, 2020 yilda Rossiya neftining Yevropaga yetkazib berish hajmi 113 million tonnani tashkil etgan. Hozirgi davrda esa Yevropa rasmiy Moskvadan 440 million tonna neft import qilgan.

Aytish joizki, Rossiya Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (DXR va LXR) mustaqilligini tan olganidan keyin, Germaniya kansleri Shols “Shimoliy oqim – 2” gaz quvurini sertifikatlash jarayonini to‘xtatish haqida buyruq berdi

AQSH ma’muriyati esa Germaniya bilan hamkorlikda Rossiyaning “Shimoliy oqim – 2” gaz quvuri ishga tushirilmasligi uchun harakat boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 2 mart kuni birjadagi savdolar chog‘ida Yevropada gaz narxi 2021 yil dekabr oyi oxirida qayd etilgan tarixiy rekordni yangilab, 1000 kub metr uchun deyarli 2230 dollargacha ko‘tarildi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

86

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing