Ukrainada Rossiya yozda yangi hujum boshlashi bashorat qilindi

Olam

image
0:00
0:00
download

Agar rus qo‘shinlari Donbassdagi hujumdan keyin o‘z kuchlarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lsa, iyun-iyul oylarida jangovar harakatlarning yangi bosqichini boshlashi mumkin. Bu haqda xalq deputati, Oliy Radaning Milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasi vakili Sergey Raxmanin “Radio NV” efirida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bosqinchilar muhim infratuzilma ob’ektlariga zarba berishda davom etadi.

“Ular davlatning yashashiga va Qurolli Kuchlarga faoliyat ko‘rsatishiga imkon berayotgan vositalarni yorib o‘tishadi... Ular bu texnika va qurollar qayerda, qaysi temir yo‘llarda harakatlanishini, qayerda saqlanishi mumkinligini aniqlay boshlaydilar va uni yo‘q qilishga urinadi”, deydi Raxmanin.

Shuningdek, u may oyida ruslar Donetsk va Lugansk viloyatlarining ma’muriy chegaralariga chiqishga harakat qilishini taxmin qilmoqda. 

“Umid qilamanki, Ukraina Qurolli kuchlari bunga yo‘l qo‘ymaydi”, deya qo‘shimcha qilgan deputat.

Rada vakiliga ko‘ra, shundan so‘ng Rossiya Xerson viloyatida Xerson xalq respublikasini tuzishga urinadi.

“Bundan keyin ular janubda faolroq bo‘lishni - Xerson viloyati chegarasiga borishni, XNR deb atalmish (tuzilmani – tahri.) e’lon qilishni rejalashtirmoqdalar. Hozircha bu reja unchalik amalga oshmayapti, chunki mahalliy aholi bu g‘oyaga tajovuzkor qaramoqda”, deydi Raxmanin.

U, shuningdek, bosqinchilarning Pridnestrovega yo‘lak tashkil etish uchun Zaporoje, Odessa va Nikolayev tomon harakatlanish rejalarini eslatgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing