Ukraina “ukrainalikning bosh suyagi” ko‘rsatilgan video tufayli BMTga murojaat qildi

Olam

image

Ukraina Oliy Radasining inson huquqlari bo‘yicha komissari Dmitriy Lubinets rossiyalik yollanma askar Igor Mangushev o‘zi ta’kidlaganidek, “Azovstal” zavodini himoya qilib, halok bo‘lgan askarning bosh suyagini namoyish etayotgan videosi yuzasidan Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi ehtimoliy harbiy jinoyatlarini tergov qiluvchi BMT komissiyasiga murojaat qildi.

“Men bu video haqida BMT Tergov komissiyasining faktlarni aniqlash guruhi rahbari Ole Solvangga allaqachon xabar berganman va Ukraina Bosh prokuraturasi bilan bog‘lanish niyatidaman”, deb yozgan Lubinets.

“YeNOT” xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) asoschisi va o‘zini “siyosiy strateg” deb ataydigan Mangushev qo‘lida bosh suyagi bilan tomosha o‘tkazgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda u bu (bosh suyak – tahr.) o‘ldirilgan ukrainalik askarning qoldiqlari ekanini va Rossiya “Ukraina g‘oyasi bilan” urushayotganini da’vo qilgan. O‘z nutqida rus millatchilik harakati asosida tuzilgan XHK asoschisi Ukrainaga qarshi boshqa fikrlarni ham bildirib o‘tgan. Xususan, u “Ukraina de-ukrainizatsiya qilinishi kerak” va “o‘zini ukrainalik deb hisoblagan har bir kishi yo‘q qilinadi”, deb ta’kidlagan.

Dmitriy Lubinetsning so‘zlariga ko‘ra, harbiy mavzudagi bunday “tomosha” va marhum Mariupol himoyachisining “qoldiqlari”ni namoyish qilishning yagona maqsadi – “o‘lgan va bedarak yo‘qolganlarning qarindoshlariga yanada og‘riqli qilishdir”.

“Ruslar o‘zlarining targ‘ibotchilari orqali tinch aholini qirg‘in qilish va aholi punktlarini vayron qilishlarini oqlab, Ukraina xalqini insoniylikdan mahrum qilishda davom etmoqda”, deydi u.

Ombudsman urushda halok bo‘lganlarning jasadlariga, harbiy yoki fuqaro bo‘lishidan qat’i nazar, hurmat bilan qarash kerakligini eslatgan.

“Marhumlarni hurmat qilish nafaqat insonparvarlik, balki marhumlarning yaqinlariga g‘amxo‘rlik qilishdir. Bu xalqaro standartlar bo‘lib, ularning amalga oshirilishi halok bo‘lganlar bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga qo‘shilmasligini kafolatlaydi”, degan Lubinets.

Qayd etish kerakki, avvalroq Rossiyaning Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Mixail Ulyanov Avstriya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan edi. Bunga uning Twitter’dagi shov-shuvli bayonoti sabab bo‘lgan.

“Ukraina aholisiga rahm-shafqat yo‘q”, deb yozgan rossiyalik diplomat tvitida.

Ulyanov genotsidga chaqirayotgani haqidagi tanqid va ayblovlarga javoban g‘azablandi va o‘z qadamini faqat Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning AQSHga harbiy yordam uchun minnatdorlik bildirganiga javoban aytganini iddao qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

44

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing