Ukraina Uchinchi jahon urushining debochasi bo‘lishi mumkin – Soros

Olam

image

Ukrainadagi voqealar Uchinchi jahon urushining boshlanishi bo‘lishi mumkin. Bu haqda amerikalik iqtisodchi va milliarder Jorj Soros Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida ta’kidladi. Nutq matni uning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

“Bosqin Uchinchi jahon urushining boshlanishi bo‘lishi va bizning sivilizatsiyamiz undan omon qolmasligi mumkin”, deydi Jorj Soros.

Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda yopiq jamiyat bo‘lgan Xitoy va Rossiya ochiq jamiyat uchun eng katta tahdiddir. 

“Putin Ukrainaga bostirib kirganida dahshatli xatoga yo‘l qo‘yganini tan olganga o‘xshaydi va hozir u sulh bo‘yicha muzokaralar uchun zamin tayyorlamoqda. Ammo sulhga erishib bo‘lmaydi, chunki Putinga ishonish mumkin emas. Putin tinchlik muzokaralarini boshlashi kerak edi, biroq u hech qachon bunday qilmaydi, chunki bu iste’foga chiqish bilan teng bo‘ladi”, deydi Soros.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin qanchalik kuchsizlashsa, shunchalik kutilmagan ishlar qilishi mumkin. Ular Putin muqobil energiya manbalari ishlab chiqilishini kutib o‘tirmay, gazni o‘chirib qo‘yishi mumkin, deb o‘ylaydi. 

“Urushni barvaqt tugatish uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar qilishimiz kerak. Sivilizatsiyamizni saqlab qolishning eng yaxshi va ehtimol yagona yo‘li — imkon qadar tezroq Putinni mag‘lub etishdir. Bu xulosa”, deydi millarder.

Ma’lumot uchun, Soros 91 yoshda. U xayriya tashkilotlari tarmog‘i bo‘lgan “Soros jamg‘armasi”ga asos solgan. "Forbes" moliyachining boyligini 8,6 milliard dollarga baholagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing