Ukraina Rossiyaning $400-500 milliardiga ega chiqmoqchi

Olam

image

Ukraina urushdan keyingi rekonstruksiya uchun Rossiyaning muzlatilgan va musodara qilingan aktivlarining taxminan 400-500 milliard dollarini olishni ko‘zlamoqda. Bu haqda Ukraina Prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Oleg Ustenko ma’lum qildi

“Hozir biz Ukraina olishi mumkin bo‘lgan 400 dan 500 milliard dollargacha bo‘lgan miqdor, ya’ni yillik yalpi ichki mahsulotimizning 2-2,5 qismi haqida gapiryapmiz. Lekin baribir, bu yetarli bo‘lmaydi, shuning uchun qo‘shimcha mablag‘ izlashda davom etmoqdamiz”, deydi Ustenko.

Uning fikricha, ko‘plab investorlar Ukrainaga kirishlarini tasdiqlashgan, biroq Rossiya to‘laydigan tovon pullarini hisobini ham olish kerak. 

Prezident maslahatchisining ta’kidlashicha, tovon puli Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining G‘arbda muzlatilgan 300 milliard dollar miqdoridagi aktivlarini o‘z ichiga oladi. Yana 100 milliard dollar Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning muzlatilgan aktivlari hisobidan kelishi mumkin.

Ammo bu mablag‘lar to‘liq tiklanish uchun yetarli bo‘lmaydi, chunki bugungi kunda Ukrainaning Rossiya agressiyasidan ko‘rgan yo‘qotishlari 1 trillion dollarga baholanmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

47

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing