Ukraina Rossiyaga qo‘shilishga tayyorlanayotgan viloyatini qaytarib olmoqchi

Olam

image

Ukraina Qurolli Kuchlari 2022 yil oxirigacha Rossiya tomonidan bosib olingan Xerson viloyatining katta qismini qaytarib olmoqchi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

“Biz Xerson viloyatida ukrainaliklarning hujum operatsiyalarini davom ettirayotganini ko‘rdik. Ular oldinga intilishda davom etadilar. Biz ular ba’zi qishloqlarni qaytarib olganini bilamiz”, deydi Pentagon matbuot kotibi general Pet Rayder.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlarining maqsadi kamida Dneprning shimoliy yoki g‘arbiy qismidagi barcha hududlarni, jumladan, nafaqat Xerson shahrini, balki muhim GES joylashgan Novaya Kaxovkani, shuningdek, Qrimga suv boradigan kanalni ham ozod qilishdir.

Bundan tashqari, ukrainalik himoyachilar Sharqda bosimni kuchaytirdilar, bu esa Rossiya Federatsiyasiga o‘z kuchlarini janubga o‘tkazishga to‘sqinlik qilmoqda.

AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, Ukrainaning 2022 yil oxirigacha Xersonni qaytarib olish maqsadi katta va agar Ukraina Qurolli Kuchlari joriy operatsiyalarida muvaffaqiyat qozonishda davom etsa, amalga oshishi mumkin.

AQSHda Ukrainaning joriy qarshi hujumi bahorgacha davom etadi va ba’zi hujumlar endi jang maydonini kelgusi bir necha oy ichida rejalashtirilgan hujumga tayyorlashga qaratilgan, deb hisoblashmoqda.

Avvalroq Xerson viloyatini Rossiya tarkibiga qo‘shib yuborish bo‘yicha referendumni noyabr oyi boshida o‘tkazish rejalashtirilayotgan haqida xabar bergan edik.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

19

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing