Ukraina-Rossiya muzokaralarining uchinchi raundi qachon o‘tkazilishi aytildi
Olam
−
05 mart 2022
7727Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi raundi 5 yoki 6 mart kuni bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda Ukraina Prezidenti idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya boshqa vositachi davlatlarda muzokara qilishdan bosh tortgani uchun uchrashuv Belarusda o‘tkaziladi.
“Uchinchi bosqich erta yoki indin bo‘lishi mumkin. Umid qilamizki, biz ular bilan doimiy aloqadamiz”, degan Podolyak kecha, 4 mart kuni.
Podolyakning ta’kidlashicha, “balki keyinroq boshqa davlat paydo bo‘ladi”, chunki Ukraina Turkiya yoki Polshada uchrashuv o‘tkazishni xohlaydi.
“Afsuski, Belarus infratuzilmaviy jihatdan bizning shaharlarimizga hujum qilish uchun platsdarm sifatida foydalanilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Podolyak, shuningdek, Ukraina, Rossiya va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillaridan iborat gumanitar yo‘laklarni yaratish bo‘yicha ishchi guruh faoliyati haqida gapirgan. Ayni paytda guruh odamlarni evakuatsiya qilish logistikasi, shuningdek, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish masalalarini muhokama qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralarining ikkinchi raundi 3 mart kuni Belovejda, birinchi raundi 28 fevral kuni Belarusning Gomel viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi