Ukraina xavfsizligi kafolatlari bo‘yicha birinchi hujjat tayyor – Zelenskiyning idorasi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rasmiy Kiyev Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari haqidagi birinchi hujjat 29-30 avgust kunlari paydo bo‘lishini kutmoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Kiyevda bo‘lib o‘tgan Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya va Vengriya rahbarlarining maslahatchilari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi. 

"Biz xavfsizlik kafolatlarini juda muhim masala deb bilamiz, bu haqda barcha hamkorlarimiz bilan doimiy ravishda gaplashamiz. Bugun ham shu mavzu muhokama qilindi, hamkorlarimiz qiziqish bildirayotganidan xursandman. Shu oyning oxirigacha, menimcha, 29 yoki 30-sanada, biz birinchi hujjatni, janob Rasmussen (NATOning sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen – tahr.) bilan guruhimiz bo‘yicha tavsiyalarni kutishimiz mumkin. Hozirda ushbu hujjat ustida ishlayapmiz.

Yermakning ta’kidlashicha, u allaqachon matnni o‘qib chiqqan. 

“Hujjat "juda kuchli" bo‘ladi”, deydi u. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligi haqiqatini tan olish zarurligini ma’lum qilgandi. Uning qayd etishicha, Kiyevga G‘arb davlatlari bilan hamkorlikning yangi formatlari va alohida xavfsizlik kafolatlari kerak. Keyinroq Prezident idorasi Ukraina xavfsizligini qonuniy ravishda kafolatlashga majbur bo‘lgan besh-yetti davlatdan iborat ittifoq tuzishni kutayotganliklarini e’lon qildi. 

May oyida Yermak Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqadigan xalqaro maslahat guruhi tashkil etilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, guruh ishiga xavfsizlik, siyosat va diplomatiya sohasi arboblari, olimlar taklif etiladi. Yermakning aniqlik kiritishicha, guruhni rasmiy Kiyev Rasmussen bilan birgalikda tuzmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

11

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing