Ukraina armiyasini 5 baravar kattalashtirmoqchi

Olam

image

Ukraina harbiy harakatlarda qatnashayotgan harbiy xizmatchilari sonini 1 million kishigacha yetkazish niyatida. Bu haqda kecha, 13 may kuni mamlakat Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov ma’lum qildi.

“Tayyorgarlik chora-tadbirlari va Ukraina xalqining safarbarligi, mamlakat ustidan nazoratni saqlab qolgan hokimiyatning harakatlari tufayli mudofaa tashkil etildi. Dastlabki bosqichlarda ko‘ngillilar juda yordam berishdi, ular harakatchanligi tufayli o‘tkir muammoli masalalarni hal qilishdi. Davlat mexanizmini qo‘llash juda ko‘p rasmiyatchilikdir, hatto urush sharoitida ham. Biz dushmanga qarshi kurashadigan 1 million kishini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratamiz”, deb yozgan u Facebook’dagi sahifasida.

U, shuningdek, mojaroning kuchayishi "mudofaa ehtiyojlarining keskin o‘sishiga sabab bo‘lganini” va “Ukraina bunga to‘liq tayyor emasligini” ta’kidladi.

O‘tgan yilning iyul oyida Oliy Rada “Milliy qarshilik asoslari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uni imzoladi. 2022 yil 1 yanvardan boshlab ushbu qonun asosida Hududiy mudofaa kuchlari Ukraina Qurolli Kuchlarining (UQK) alohida bo‘limiga aylandi. Joriy yilning yanvar holatiga ko‘ra, Ukrainada 25 ta hududiy mudofaa brigadalari mavjud bo‘lib, ularning soni 100 ming kishini tashkil etadi. Ukraina hukumati fevral oyida hammaga qurol tarqatishni boshladi. Prezident Vladimir Zelenskiy 4 mart kuni Ukraina va chet el fuqarolari orasidan tinch aholiga Rossiya harakatlariga milliy qarshilik ko‘rsatish jarayonida o‘qotar qurollardan foydalanishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. 15 mart kuni Ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy aholiga “o‘n minglab avtomatlar” berilganini aytdi.

Ukraina ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Rossiya hujumi boshlanishidan oldin Ukraina Qurolli kuchlarining umumiy soni 200 mingga yaqin kishini tashkil qilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

26

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing