Ukraina armiyasi Rossiya hududiga o‘tadimi? Zelenskiy javob berdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakati Qurolli Kuchlari tomonidan olib borilayotgan harbiy amaliyotlar Rossiya hududiga taalluqli emasligi haqida bayonot berdi. U seshanba kuni “Al Arabiya” telekanaliga bergan intervyusida voqealar rivojining o‘z versiyasini aytib berdi.

“Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiya Federatsiyasi hududida harbiy amaliyotlar o‘tkazmaydi, ular o‘z yerlarini himoya qiladi va Rossiyani egallashga intilmaydi”, degan Zelenskiy.

Shu bilan birga, TASSning yozishicha, Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlari hududi bir necha bor Ukraina tomonidan minomyot va artilleriya hujumlariga uchragan. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi esa bir nechta uchuvchisiz samolyotlarni tutib olgan. Bundan tashqari, Ukraina jangovar vertolyotlari Rossiya Federatsiyasi havo hududiga bostirib kirgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1 aprel kuni Rossiyaning Belgorod shahrida neft bazasi yonib ketgandi. Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov yong‘inda neft bazasi ishchilaridan ikki kishi jabrlanganini ma’lum qildi.

25 aprelga o‘tar kechasi Rossiyaning Bryansk shahrida yana bir neft ombori yonib ketdi. Mahalliy aholining aytishicha, portlash ovozi eshitilgan. Bryanskdagi voqea munosabati bilan baza yonayotgan hudud yaqinida yashovchi odamlarni evakuatsiya qilish boshlandi.

27 aprel kuni esa Belgorod viloyatining Staraya Nelidovka qishlog‘i yaqinidagi o‘q-dorilar ombori yonib ketdi. Har uch holatda ham Rossiya rasmiylari Ukrainani aybladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

209

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing