Ukraina harbiylari Izyum va Kupyanskni ozod qilgani aytilmoqda

Olam

image

Ukraina Qurolli Kuchlari Xarkov viloyatining eng yirik shaharlaridan biri Kupyanskni ozod qildi. Bu haqda viloyat kengashi raisi maslahatchisi Natalya Popova ma’lum qildi.

“Kupyansk – bu Ukraina! Ukraina Qurolli Kuchlariga shon-sharaflar!”, deb yozdi Popova Facebook’da va ukrainalik askarlarning Kupyanskdagi ma’muriy bino oldida tushgan suratini joylashtirdi.

Rossiyaning “Agentstvo” nashri ushbu geolokatsiyani tasdiqladi va harbiy xizmatchilar Kupyansk shahar kengashi binosi fonida suratga tushganini yozdi.

Ukraina harbiylarining Kupyanskka kirib kelayotgani aks etgan video ham paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, shahar ozod qilinganini “Ukrainskaya pravda”ning Xarkov harbiy-fuqarolik ma’muriyatidagi manbasi ham tasdiqladi. Rasmiy ravishda Kiyev va Ukraina Qurolli Kuchlari Kupyanskning ozod qilingani haqida hali e’lon qilgani yo‘q.

Ukraina qo‘shinlari hozircha Kupyanskning sharqiy qismiga (shaharning sharqiy va g‘arbiy qismini Oskol daryosi ajratib turadi) kira olmagan, deydi 8 sentyabr kuni shahardan xabar bergan VGTRK jurnalisti Yevgeniy Poddubniy.

O‘z navbatida, tan olinmagan DXR axborot vaziri o‘rinbosari Daniil Bezsonov Rossiya qo‘shinlari Kupyanskdan 70 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Izyum shahrini ham tark etganini aytdi

Ukraina va rossiyalik harbiy blogerlar Ukraina Qurolli Kuchlari Severskiy Donetsk daryosidan o‘tib, Liman bo‘ylab olg‘a yurganini ham yozmoqda. Bu Rossiya armiyasi Oskol va Severskiy Donetsk daryolari bo‘yida Ukraina hujumini to‘xtata olmaganini anglatadi.

Hozircha Xarkovdagi shaharlar ozod etilgani bo‘yiach Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi hech qanday ma’lumot bermadi. Xuddi shuningdek, Rossiya tomoni ham sukut saqlamoqda.

Avvalroq Ukraina harbiylani Xarkovning boshqa bir muhim shahri Balakleyani ozod qilgani ma’lum bo‘lgandi. Bugun esa shaharga Ukraina bayrog‘i o‘rnatilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing