Twitter vaqtincha “Rossiyaning og‘zini yopdi”

Olam

image

Twitter ijtimoiy tarmog‘i joriy yilning 5 avgust kunidan boshlab Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ingliz tilidagi rasmiy akkauntini yetti kunga bloklab qo‘ydi. Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarovaga ko‘ra, bu “Rossiyaning og‘zini yopish”ga urinishdir.

“5 avgustga o‘tar kechasi Twitter platformasi ma’muriyati Tashqi ishlar vazirligining ingliz tilidagi rasmiy akkauntini yetti kunga bloklab qo‘ydi. Bunga Radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari rahbari general-leytenant Igor Kirillovning brifingida Rossiya Qurolli Kuchlari qo‘shinlari, AQSH harbiy biologik faoliyati to‘g‘risidagi so‘zlari e’lon qilingani sabab bo‘lgan”, deydi Zaxarova o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

TIV rasmiy vakilining ta’kidlashicha, bunday sanksiyalar Rossiyaga nisbatan birinchi marta qo‘llanilmoqda. 

“Ular shu paytgacha individual tvitlarni bloklab qo‘ygan, ammo dunyoning yetakchi davlatlaridan birining rasmiy tashqi siyosat bo‘limining akkauntini hatto bir haftaga yopish — bu yaxshilik va yomonlikdan tashqarida”, deya qo‘shimcha qildi u.

Zaxarovaning qayd etishicha, bularning barchasi “g‘arb siyosatchilari, ekspertlari va hatto oddiy foydalanuvchilar tomonidan rusofobik orgiya, shuningdek, Ukraina trollari va botlarining misli ko‘rilmagan faolligi fonida” sodir bo‘lmoqda. 

Unga ko‘ra, faktlarni tarqatish uchun Vashingtonning quroliga aylangan Amerika raqamli platformalaridan foydalanish shart emas. 

“So‘z erkinligi tamoyilini buzgan ahmoqona xatti-harakatlari bilan Twitter o‘zi o‘tirgan shoxni kesib tashladi. Bu platforma anchadan beri turg‘un bo‘lib qoldi: unga ishonch deyarli nolga teng, foydalanuvchilar ketmoqda. Albatta, bizni bloklab qo‘yish mumkin, lekin haqiqat baribir o‘z tasdig‘ini topadi”, deya ta’kidladi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi


Maqola muallifi

Teglar

Twitter Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

18

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing