Szinpin Putinga Ukraina masalasidagi pozitsiyasini aytdi 

Olam

image

Ukrainadagi vaziyat yuzasidan Xitoy o‘zining konstruktiv rolini o‘ynashda davom etadi. Bu haqda mamlakat rahbari Si Szinpin bugun, 15 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lgan telefon orqali muloqotida ma’lum qildi, deya xabar berdi Xitoy markaziy televideniyesi.

“Xitoy rahbari muloqot chog‘ida Ukraina inqirozini hal qilishda yordam berishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi xabarda.

XXR raisining so‘zlariga ko‘ra, har bir manfaatdor tomon Ukrainadagi inqirozni to‘g‘ri hal qilishga hissa qo‘shib, mas’uliyatli pozitsiyani egallashi kerak.

“Xitoy o‘zining konstruktiv rolini o‘ynashda davom etishga tayyor”, degan u.

Si Szinpinning aniqlik kiritishicha, Pekin faktlar va tarixiy voqelikni hisobga olgan holda Ukraina masalasida mustaqil pozitsiyani egallaydi. 

“Biz global miqyosda tinchlikni, barqaror iqtisodiy tartibni saqlashga hissa qo‘shamiz”, deydi u.

Kreml Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida 2022 yilda hajmi rekord darajaga yetishi kutilayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikning holati va istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqilgan. 

“G‘arbning noqonuniy sanksiyalar siyosati tufayli jahon iqtisodiyotidagi murakkablashgan vaziyatni hisobga olgan holda energetika, moliya, sanoat, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi”, deya ta’kidlagan Kreml.

Rossiya tomonining qayd etishicha, davlat rahbarlari harbiy hamda harbiy-texnikaviy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalgan. Shuningdek, ular jahon miqyosida har ikki mamlakat umumiy yoki juda yaqin pozitsiyalardan turib harakat qilishini ta’kidlagan. 

“Jahon miqyosidagi vaziyat muhokama qilinar ekan, Rossiya va Xitoy avvalgidek umumiy yoki juda yaqin pozitsiyadan turib, xalqaro huquqning asosiy tamoyillarini izchillik bilan qo‘llab-quvvatlayotgani hamda haqiqatda ko‘p qutbli va adolatli davlat tizimini barpo etishga intilayotgani alohida ta’kidlandi”, deyilgan xabarda.

Bundan tashqari, Kremlning qo‘shimcha qilishicha, yetakchilar turli ko‘p tomonlama formatlarda, jumladan, BMT platformasida ham muvofiqlashtirish va o‘zaro yordamni kuchaytirishga o‘zaro tayyorligini tasdiqlagan.

Kremlga ko‘ra, Vladimir Putin Ukrainadagi vaziyat va maxsus harbiy operatsiya davomida hal etilayotgan vazifalarga fundamental baho bergan. Xitoy rahbari Rossiyaning o‘z xavfsizligiga tahdidlar tufayli asosiy milliy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha harakatlari qonuniyligini ta’kidlagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

40

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing