“Tolibon” qo‘ldan chiqqan uch viloyatni qayta egalladi

Olam

image

“Tolibon” harakati jangarilari Afg‘onistonning Bog‘lon viloyatidagi uchta tumanda qarshilik harakati kuchlarini siqib chiqarib, nazoratni qaytarib oldi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

“Bog‘londagi hech bir hudud qarshilik harakati nazoratida emas”, degan shaxsi sir saqlanishini xohlagan manba.

Bundan avval Afg‘onistonning sobiq hukumati tarkibida Mudofaa vaziri bo‘lgan Bismilla xon Muhammadiy Bog‘lon viloyatining Puli-Hisor, Deh-Saloh va Banu tumanlari toliblardan qaytarib olingani haqida ma’lum qilgandi.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda Afg‘onistonda toliblarga qarshi yagona uyushgan harakat bu Panjsher viloyatidagi kuchlar bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 avgust kuni “Tolibon” Afg‘oniston sharqidagi Panjsher viloyatini egallash uchun yuzlab jangchilarini yuborayotganini e’lon qildi. Bundan avvalroq, toliblar ushbu viloyatga taslim bo‘lishi uchun 4 soat vaqt bergan edi

Biroq, Panjsherdagi kuchlarga rahbarlik qilayotgan Ahmad Mas’ud ushbu viloyat vaqtida SSSRga qarshi kurashgani, endilikda “Tolibon”ga ham qarshilik ko‘rsata olishini aytgan. Shuningdek, Ahmad Mas’ud o‘z javobida toliblar bilan nafaqat Panjsher uchun, balki butun Afg‘oniston uchun kurashishini aytgan.

Bugun esa "Tolibon" jangarilari viloyatni qamal qilganini, ammr hududni tinch yo‘l bilan egallash niyatida ekanini ma’lum qildi.

Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat

Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.

Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum. Panjsherda allaqachon "Shimoliy alyans" bayrog‘i ko‘tarilgan.

"Tolibon" pozitsiyalariga qarshi hujumga o‘tgan qarshilik kuchlari bir qancha tumanlarni egallashga ham muvaffaq bo‘ldi.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon

Baholaganlar

198

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing