Shoygu Ukrainadagi urush qachongacha davom etishini aytdi
Olam
−
29 mart 2022
32274Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya” belgilangan maqsadlarga erishilgunga qadar davom etadi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ta’kidladi.
“Rossiya Qurolli kuchlari belgilangan maqsadlarga erishilgunga qadar maxsus harbiy operatsiyani davom ettiradi”, degan Shoygu bugun, 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan konferensiya chog‘ida.
Uning iddaosicha, Rossiya harbiylari “maxsus operatsiya” davomida Ukrainaning Lugansk va Donetsk xalq respublikalari aholisiga tinch hayot o‘rnatishga faol yordam bermoqda.
“Biz LXR, DXR va, albatta, Ukraina aholisiga faol ravishda gumanitar yordam ko‘rsatmoqdamiz. Hozirda 684 ta gumanitar aksiya o‘tkazildi. 210 ta aholi punktiga 6079 tonna yuk yetkazildi”, deya Rossiyaning “hojatbarorligi” haqida gapirgan Shoygu.
Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu to‘satdan jamoatchilikka ko‘rinish bermay qo‘ygandi.
Keyin esa, 26 mart kuni u davlat mudofaa buyurtmalari dasturini amalga oshirish va Rossiya Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari oldidagi ijtimoiy majburiyatlarni bajarish bo‘yicha ishchi yig‘ilish o‘tkazdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi