“Salom, Boris!”. Jonson kutilmaganda Kiyevga bordi

Olam

image

Bugun, 17 iyun kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashish uchun Kiyevga bordi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.

“Boris Jonson Donkasterdagi yirik qizil devor konferensiyasidan chiqib, Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashish uchun Kiyevga ikkinchi marta tashrif buyurdi. Bu tashrif kutilmagan edi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Bosh vazir bugun tushdan keyin Tori shimolidagi deputatlar, kengash a’zolari va biznes rahbarlari oldida nutq so‘zlashi kerak bo‘lgan. Ammo u Twitter’dagi sahifasida urush boshlanganidan keyin Ukrainaga ikkinchi marta tashrif buyurayotganini aytib, konferensiyaga bora olmasligi haqida ogohlantirgan.

“Janob Prezident, Vladimir, yana Kiyevda ekanimdan xursandman!”, deya izoh yozib qoldirgan u o‘z sahifasida. Izoh ostida esa Zelenskiy bilan tushgan rasmi joylashtirilgan.

O‘z navbatida Zelenskiy ham Telegram’dagi sahifasida urush boshlangandan buyon Buyuk Britaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotganini bildirgan. Jonsonni esa “mamlakatning qadrdon do‘sti” deb atagan.

“Mamlakatimizning qadrdon do‘sti Boris Jonsonni Kiyevda yana ko‘rganimdan xursandman”, deydi u.

Ukraina hukumati tomonidan taqdim etilgan videoda Zelenskiy Prezident saroyiga kelgan Bosh vazirni “Salom, Boris!”, deya iliq kutib olgani aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 iyun kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols, Italiya Bosh vaziri Mario Dragi, Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis Ukrainaga borgan edi. Ular tashrif davomida Zelenskiy bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy Jonson Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

9

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing