Ruslarning Vinnitsani vayron qilgan raketalari qayerni nishonga olgani ochiqlandi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rus harbiylarining Vinnitsadagi ofitserlar uyiga yuqori aniqlikdagi “Kalibr” dengiz raketalarining zarbasi Ukraina harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining xorijiy qurol yetkazib beruvchilar vakillari bilan uchrashuvi yo‘q qilishga qaratilgan bo‘lgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

“14 iyul kuni “Kalibr” yuqori aniqlikdagi dengiz raketalari bilan Vinnitsa shahridagi ofitserlar garnizoni binosiga zarba berildi. Zarba vaqtida ushbu harbiy ob’ektda Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining xorijiy qurol yetkazib beruvchilar vakillari bilan Ukraina Qurolli Kuchlariga samolyotlar va qurollarning navbatdagi partiyasini topshirish hamda Ukraina aviatsiya flotini ta’mirlashni tashkil etish bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tayotganli”, deyilada vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun, 14 iyul kuni ertalab front chizig‘idan yuzlab kilometr uzoqlikda joylashgan Vinnitsa shahri markazi raketalardan o‘qqa tutildi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, zarba Qora dengizdagi Rossiya suv osti kemasidan otilgan “Kalibr” qanotli raketalari bilan berilgan.

Hujum oqibatida hozircha kamida 23 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Ukraina rasmiylari e’lon qilgan suratlardan shahar markazi vayron bo‘lganini, ko‘p qavatli bino vayrona holga kelganini ko‘rish mumkin.

Hujumdan keyin Zelenskiy xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, Rossiyani terrorchi davlat deb tan olish kerakligini aytdi. U shuningdek, Rossiyaning harbiy jinoyatlari uchun jazolash maqsadida xalqaro tribunal tashkil etishga chaqirdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing