Rossiyaliklar Zaporoje AES maydonini egalladi – Kiyev
Olam
−
04 mart 2022
13596Ukrainadagi Zaporoje atom elektr stansiyasi Rossiya harbiylari tomonidan nazorat qilinmoqda. Bu haqda Ukraina Yadroviy tartibga solish bo‘yicha davlat inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qilgan.
“Atom elektr stansiyasi energobloklari buzilmagan. Energoblokning xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan 1-sonli energoblokning reaktor bo‘linmasining qurilish konstruksiyasida shikastlanishlar mavjud. AES xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan tizim va elementlar ish holatida”, deyiladi xabarda.
Bugun, 4 mart kuni ertalab radiatsiya darajasida o‘zgarishlar qayd etilmagan.
Energobloklarning holati: 1-energoblokda rejali profilaktika ishlari davom etmoqda, 2, 3-energobloklar tarmoqdan uzilgan va atom qurilmalari sovutilmoqda, 4-energoblok ishlamoqda, 5, 6-sonli energobloklarda yadroviy qurilmalar sovutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, operatsion xodimlar energobloklarning holatini nazorat qilmoqda va ularning texnologik reglamentlar talablariga muvofiq ishlashini ta’minlamoqda.
Zaporoje AES Yevropadagi eng yirik elektr stansiyasi hisoblanadi va dunyoda o‘ninchi o‘rinda turadi. Ukrainada 4 ta atom elektr stansiyasida jami 15 ta reaktor mavjud bo‘lib, ular mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 50 foizini ta’minlaydi.
Avvalroq, Rossiya harbiylari Zaporoje AESga hujum boshlagani haqida xabar bergan edik.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi