Rossiyalik ikki milliarder urushga qarshi chiqdi
Olam
−
27 fevral 2022
28973Rossiyada ham, Ukrainada ham aktivlari bor tadbirkor Mixail Fridman mintaqadagi mojaroga barham berilishiga umid bildirdi. Uning Londonda joylashgan LetterOne investitsiya kompaniyasi xodimlariga yozgan maktubi “Financial Times” nashri tomonidan e’lon qilindi.
“Ushbu inqiroz insonlarning hayotiga zomin bo‘ladi va yuzlab yillar davomida birodar bo‘lib kelgan ikki xalqga zarar yetkazadi. Men ukrain va rus xalqlariga qattiq bog‘langanman va hozirgi mojaroni ikkalasi uchun ham fojia deb bilaman”, deb yozadi tadbirkor.
Uning ta’kidlashicha, bu siyosiy bayonot emas, balki Rossiya va Ukrainadagi minglab xodimlar uchun mas’ul biznesmenning fikri.
Fridmanning ta’kidlashicha, uning istagi Ukrainadagi bu vaziyatga chek qo‘yishdir.
“Ishonchim komilki, mening hamkorlarim ham shunday fikrda”, deya uning so‘zlarini keltiradi FT.
Boshqa bir rossiyalik milliarder Oleg Deripaska ham tinchlik juda muhim ekanini aytib, muzokaralar olib borishga chaqirgan. Bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirgan.
Mixail Fridman rossiyalik tadbirkor, milliarder, sovet metallurgiya ishlab chiqarish muhandisi. “Alfa-Grupp” konsorsiumining hammuallifi va kuzatuv kengashi raisi, VimpelCom Ltd. kuzatuv kengashi a’zosi, Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi boshqaruvi byurosi a’zosi, Rossiya Yevropa kongressi prezidiumning asoschisi va byurosi a’zosi.
Rossiyalik tadbirkor Oleg Deripaska “Basic Element” kompaniyasi asoschisi va kuzatuv kengashi raisi. Shuningdek, u “Rusal” va EN+ Group birlashgan kompaniyasi rahbari. Rossiya alyuminiy kompaniyasi direktorlar kengashi raisi, Sibir alyuminiy kompaniyasi prezidenti, Sayanogorsk alyuminiy zavodi bosh direktori hisoblanadi. Uning boyligi 2,93 mlrd dollarga baholangan.
Avvalroq "Bloomberg" agentligi Rossiya Ukrainaga urush boshlagan kunda rossiyalik milliarderlar 39 mrld dollar yo‘qotgani haqida xabar bergandi. Eng ko‘p pul yo‘qotlarga orasida Deripaska ham bor edi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi