Rossiyaga total urush e’lon qilishdi – Lavrov

Olam

image

Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli urush e’lon qilindi, G‘arb o‘z siyosatining maqsadlari Rossiya iqtisodiyotini bo‘g‘ish va yo‘q qilish ekanini yashirmayapti. Bu haqda bugun, 25 mart kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Aleksandr Gorchakov nomidagi xalq diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi boshqaruvi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Bugun bizga haqiqiy gibrid urush e’lon qilishdi. “Total urush” – natsistlar Germaniyasi tomonidan qo‘llanilgan bu atama endi ko‘plab yevropalik siyosatchilar tomonidan Rossiya Federatsiyasi bilan nima qilishni xohlashlari haqida gapirganda qo‘llanilyapti. Maqsadlar yashirin emas, ular ommaviy ravishda e’lon qilinyapti – Rossiya iqtisodiyotini va butun Rossiyani yo‘q qilish, sindirish, bo‘g‘ish”, deya ta’kidlagan TIV rahbari.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu “sanksiyalar boshboshdoqligi”da G‘arb davlatlarining Rossiyaga targ‘ib qilgan barcha qadriyatlari - so‘z erkinligi, bozor iqtisodiyoti, xususiy mulk daxlsizligi, aybsizlik prezumpsiyasi - hech qanday qiymatga ega emasligi ayon bo‘lgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bunday bosimga qaramay, G‘arb davlatlari tomonidan BMTga taqdim etilgan “provokatsion tashviqot matnlari”ga emas, balki savdo-iqtisodiy aloqalarning haqiqiy holatiga e’tibor qaratish lozim.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

94

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing