Rossiyada Meta, Facebook va Instagram taqiqlandi
Olam
−
22 mart 2022
5061Rossiya ommaviy axborot vositalari Meta Platforms Inc. hamda uning ijtimoiy tarmoqlari Facebook va Instagram’ning logotiplarini ko‘rsatmasligi kerak. Bu haqda Roskomnadzor matbuot xizmati xabar bergan.
“Rossiya OAVlari tomonidan Meta Platforms Inc. tashkiloti va uning Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari logotipini namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi xabarda.
Roskomnadzor Rossiya OAVlari Meta Platforms’ni mamlakatda taqiqlangan tashkilot sifatida belgilashi kerakligini aytgan.
Qayd etilishicha, da’vo qonun hujjatlarida taqiqlangan faoliyat bilan shug‘ullanmagan jismoniy va yuridik shaxslarning Meta dasturiy mahsulotlaridan foydalanishini cheklashga qaratilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlar reyestri
Ta’kidlanishicha, Facebook va Instagram Rossiyada ijtimoiy tarmoqlar reyestridan chiqariladi. Shu bilan birga, Meta internet tarmog‘ida faoliyat yurituvchi xorijiy sub’ektlar ro‘yxatidan chiqariladi.
“Roskomnadzor tashkilotni Rossiya Federatsiyasida internet tarmog‘ida faoliyat yurituvchi xorijiy sub’ektlar ro‘yxatidan, Facebook va Instagram’ni esa ijtimoiy tarmoqlar reyestridan chiqarib tashlaydi”, deyilgan xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, kecha, 21 mart kuni Moskvaning Tver sudi Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasining da’vosini qanoatlantirdi va Meta Platforms Inc.ni ekstremistik tashkilot deb tan oldi va uning faoliyatini RF hududida taqiqladi. Meta kompaniyasiga tegishli Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlari faoliyati ham ekstremistik deb tan olindi. Bu qaror WhatsApp messenjeriga ta’sir qilmaydi. Bundan tashqari, fuqarolar va tashkilotlar Facebook va Instagram’dan foydalanganliklari uchun ekstremizmda ayblanib javobgarlikka tortilmaydi.
Meta Platforms Ukrainadagi voqealarni hisobga olgan holda Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida rossiyalik harbiylarga qarshi zo‘ravonlikka undashga qo‘yilgan taqiqni vaqtincha olib tashladi. Yangi siyosat Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning o‘limiga chaqiruvlarga ham ruxsat berar edi.
Shundan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi suddan Meta kompaniyasini ekstremistik tashkilot deb tan olishni va uning Rossiyadagi faoliyatini taqiqlashni so‘raganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada 14 mart kuni Instagram ijtimoiy tarmog‘iga kirish cheklandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr