Bosh prokuratura Facebook, Instagram va WhatsApp'ni ekstremistik tashkilot deb tan olishni talab qildi
Olam
−
11 mart 2022
18739Rossiya Bosh prokuraturasi Meta'ni ekstremistik tashkilot deb tan olishni va uning Rossiya Federatsiyasi hududidagi faoliyatini taqiqlashni talab qilmoqda. Bu haqda TASS agentligiga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bergan.
“Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi “Ekstremistik faoliyatga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi federal qonunga muvofiq, sudga Meta Platforms Inc.ni ekstremistik tashkilot deb tan olish va uning Rossiya Federatsiyasi hududida faoliyatini taqiqlash to‘g‘risida ariza yubordi", deyiladi hisobotda.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 205.2-moddasi ("Terrorizmni targ‘ib qilish") 2-qismi va 282-moddasi (zo‘ravonlik tahdidi bilan nafrat va adovat qo‘zg‘atish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlar belgilari mavjudligi munosabati bilan Bosh prokuratura jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasiga materiallar yuborganyu
Meta Platforms Inc. Facebook, Instagram va WhatsApp messenjeri ijtimoiy tarmoqlarini o‘z ichiga oladi. Meta Platforms matbuot kotibi Endi Stounning 11 martdagi bayonoti bilan Meta kompaniyasi Rossiyaning Ukrainaga hujumi munosabati bilan Facebook va Instagram’da rossiyalik harbiylarga qarshi zo‘ravonlik chaqiriqlariga vaqtincha ruxsat berilgani, biroq rossiyalik tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlikka chaqiruvlar taqiqlanganini e’lon qildi.
“Kompaniya rahbariyatining bunday harakatlari nafaqat terrorchilik faoliyatiga yo‘l qo‘yilishi haqidagi tasavvurni shakllantiradi, balki Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga nisbatan nafrat va adovat uyg‘otishga ham qaratilgan”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi