Rossiyada Instagram to‘liq bloklanadigan sana aytildi

Texnologiya

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning 14 mart kuni Rossiyada Amerikaning Instagram ijtimoiy tarmog‘i bloklanadi. Bu haqda ijtimoiy tarmoq rahbari Adam Mosseri Twitter'da ma’lum qilgan

“Dushanba kuni Rossiyada Instagram bloklanadi”, deb yozgan Mosseri, bunday qaror noto‘g‘ri ekanini urg‘ulab.

Uning fikricha, ijtimoiy tarmoqni bloklash “Rossiyadagi 80 million foydalanuvchini bir-biri bilan va butun dunyo bilan muloqot qilishdan mahrum qiladi”.

Adam Mosseriga ko‘ra, Rossiyadagi foydalanuvchilarning taxminan 80 foizi mamlakatdan tashqaridagi akkauntlarga obuna bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 11 mart kuni Roskomnadzor (Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy  kommunikatsiyalarni nazorat qilish federal xizmati) joriy yilning 14 mart kuni yarim tunda Instagram'ga kirishni cheklashga qaror qilgan. Ushbu qaror Instagram'da rossiyaliklar, jumladan, harbiy xizmatchilarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etishga chaqiriqlar tarqalayotgani sabab qabul qilingan. 

Avvalroq, Rossiya Bosh prokuraturasi Meta'ni ekstremistik tashkilot deb tan olishni va uning Rossiya Federatsiyasi hududidagi faoliyatini taqiqlashni talab qilayotgani haqida xabar bergandik.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainag bosqin

Baholaganlar

45

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing