Rossiyada BBC va “Ozodlik” saytlariga kirishga taqiq qo‘yildi

Olam

image

Rossiya Amerikaning “Ozodlik” radiosi, Buyuk Britaniyaning BBC rus xizmati va Latviyaning Meduza internet nashri saytlariga kirishni blokladi. 

Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni nazorat qilish federal xizmati (Roskomnadzor) cheklovlarga duchor bo‘lgan saytlar ro‘yxatini yangiladi. 

Shu tariqa, Rossiyada Meduza, BBC va “Ozodlik” radiosi teleradiokompaniyalarining veb-saytlari o‘z faoliyatini to‘xtatdi. 

Qayd etilishicha, kirish tartibsizliklar, ekstremizm va noqonuniy ommaviy aksiyalarda ishtirok etishga chaqiriqlarni aks ettiruvchi saytlarni bloklash qoidalariga muvofiq cheklangan. 

Shuningdek, Rossiyada payshanbadan jumaga o‘tar kechasi Meta kompaniyasiga tegishli Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi nosozliklar kuzatilmoqda. Moskva vaqti bilan 01:07 holatiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqdagi nosozliklar haqida 419 ta xabar qayd etilgan. 

Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi (59%) veb-saytlarning ishdan chiqishi haqida shikoyat qilgan, 24%i ilova bilan bog‘liq muammolar haqida xabar bergan va 17%i tizimga kirishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Eng faol nosozliklar Moskva, Sankt-Peterburg, Krasnodar,  Samara, Chelyabinsk va Yekaterinburgda qayd etilgan. 

25 fevral kuni Roskomnadzor Rossiyadagi to‘rtta ommaviy axborot vositalarining akkauntlarini blokdan chiqarish bo‘yicha talablarni bajarmagani uchun Rossiyadagi Facebook trafigini sekinlashtirishni boshlaganini ma’lum qilgandi. 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing