Rossiya Ukrainaning to‘rt shahridan gumanitar yo‘laklarni ochmoqda. Moskva Kiyevga shart qo‘ydi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari “sukut rejimi”ni e’lon qiladi va soat 10:00 dan boshlab to‘rtta shahardan – Kiyev, Xarkov, Sumi va Mariupoldan gumanitar yo‘laklarni ochadi. Buning uchun rasmiy Moskva Kiyevdan yo‘laklarni ochib berishni va tinch aholi hamda chet el fuqarolarini olib chiqib ketilishini ta’minlashni talab qilmoqda. Bu haqda Ukrainadagi gumanitar yordam bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabdan ma’lum qilingan. 

“Kiyev, Xarkov, Sumi va Mariupol shaharlaridagi halokatli gumanitar vaziyat va uning juda keskinlashganini inobatga olgan holda, shuningdek, Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga shaxsiy iltimosiga binoan, Rossiya Qurolli kuchlari gumanitar maqsadlarda 2022 yil 7 mart soat 10:00 dan boshlab “sukut rejimi” va ochiq gumanitar yo‘laklarni e’lon qiladi”, deyiladi xabarda. 

Shtab ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyevdan bitta yo‘lak ochiladi. Uning yo‘nalishi: Kiyev, Gostomel, Rakovka, Sosnovka, Ivankov, Oranoye, Chernobil, Gden (Belarus), Gomel, keyinchalik Rossiya Federatsiyasiga havo orqali yetkazib berish. 

Mariupoldan chiqish ikki yo‘nalish bo‘ylab amalga oshiriladi. Birinchi yo‘nalish  – Mariupol, Novoazovsk, Taganrog, Rostov-Don, keyin havo, temir yo‘l va avtomobil transporti orqali tanlangan yo‘nalishlarga yoki vaqtinchalik yashash joylariga. Ikkinchi marshrut Mariupol, Portovskoye, Mangush, Nikolskoye, Respublika, Rozovka, Bilmak, Pologi, Orexov, Zaporoje shaharlarini aylanib o‘tadi. 

Xarkovdan – Xarkov, Nexoteyevka, Belgorod, keyin havo, temir yo‘l va avtomobil transporti orqali tanlangan yo‘nalishlarga yoki vaqtinchalik yashash joylariga. 

Sumidan: birinchi yo‘nalish – Sumi, Sudja, Belgorod, keyin havo, temir yo‘l va avtomobil transporti orqali tanlangan yo‘nalishlarga yoki vaqtinchalik yashash joylariga. Ikkinchi yo‘nalish – Sumi, Golubovka, Romni, Loxvitsa, Lubni, Poltava. 

BMT, YeXHT va XQXQni xabardor qilish

Qayd etilishicha, muvofiqlashtiruvchi shtab Rossiya tomoni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi (XQXQ)ning tegishli tuzilmalarini Ukrainada gumanitar koridorlar ochilishi haqida xabardor qilgan. 

“Ushbu ma’lumotlar BMT, YeXHT, XQXQ va boshqa xalqaro tashkilotlarning tegishli tuzilmalariga barcha mavjud axborot resurslari, jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali yetkazilgan”, deyiladi shtab xabarida.  

Ularning ta’kidlashicha, evakuatsiya nazorati, shu jumladan, Rossiyaning dronlari yordamida ham ta’minlanadi.

“Shu bois, Ukraina tomonining Rossiya Federatsiyasining aybi bilan gumanitar operatsiyani buzishda Rossiyani va butun sivilizatsiyalashgan dunyoni yana bir bor aldashga bo‘lgan barcha urinishlari bu safar befoyda va ma’nosiz ekanligidan ogohlantiramiz", deya qo‘shimcha qilgan shtab. 

Bayonotda rasmiy Kiyev hukumati, shuningdek, sanab o‘tilgan shaharlar rahbariyatidan aniq harakatlar kutilayotgani ta’kidlanadi.  

“Biz Ukraina tomonidan sanab o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha gumanitar yo‘laklarni yaratish bo‘yicha barcha shart-sharoitlarni qat’iy bajarishni hamda tinch aholi va chet el fuqarolarining uyushqoqlik bilan olib chiqib ketilishini ta’minlashni talab qilamiz”, deyiladi shtab bayonotida. 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

51

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing