Rossiya Ukrainaning Xersonidagi bug‘doyni olib ketishni boshladi
Olam
−
30 may 2022
16536Ukrainani bosib olingan Xerson viloyatida oxirgi hosildan olingan donni Rossiyaga eksport qilish boshlandi. Bu haqda viloyat harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov ma’lum qilgan.
“[Yangi hosilni] saqlash uchun joy bor, biroq bu yerda juda ko‘p don bor. Hozir odamlar donni qisman uylariga tashimoqdalar, biz esa uni Rossiya Federatsiyasidan sotib oladiganlar bilan ham kelishib oldik”, deydi Stremousov.
Shuningdek, u mahalliy va Rossiya zavodlariga o‘simlik moyi ishlab chiqarish uchun urug‘ yetkazib berish masalasi ham hal etilayotganini aytib o‘tgan.
Stremousovning qo‘shimcha qilishicha, hozir viloyatda kuzgi boshoqli donlarni yig‘im-terimga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Joriy yilning 20 iyun kuni to‘liq tozalash ishlari boshlanadi.
Aytish joizki, avvalroq, Rossiya rasmiylari AQSH va Ukraina rahbarlari Jo Bayden va Vladimir Zelenskiy sayyorada ocharchilik keltirib chiqargan Prezidentlar sifatida tarixda qolishi, Ukrainadan donni eksport qilish mumkin emasligini aytayotgandi.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Vashington Ukrainani g‘alla zaxiralaridan mahrum qilib, mamlakat hududida oziq-ovqat inqirozini keltirib chiqarayotganlikda ayblagandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi