Rossiya Ukrainaga qarshi urush uchun Suriyadan jangarilar olib keldi – NYT
Olam
−
01 aprel 2022
15032Rossiya Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Suriyadan yollanma jangchilarning ilk partiyasini olib keldi. Ular hozircha tayyorgarlik o‘tash uchun Rossiya hududida bo‘lib turibdi, deb yozmoqda “The New York Times” nashri.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, guruh Suriya armiyasi diviziyasining 300 nafar askaridan iborat. Yana ko‘plari yo‘lda bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Negaki Suriya bo‘ylab askarlikka yollovchilar Suriya xavfsizlik xizmatlari tomonidan tekshirilishi va keyin ruslarga topshirilishi uchun minglab talabgorlar nomzodlari ro‘yxatini tuzmoqda.
“So‘nggi yillarda Suriya ko‘p yillik urush natijasida yollanma jangchilar eksportchisiga aylandi. Mamlakatdagi harbiy harakatlar ko‘plab erkaklarga jangovar tajriba berdi, lekin mamlakat iqtisodiyotiga shunchalik zarar yetkazdiki, odamlar endi ish topishda qiynalmoqda. Shuning uchun ular Liviya, Ozarbayjon, Markaziy Afrika Respublikasi va hozirda Ukrainadagi urushlarda ijaraga olingan qurol sifatida ishlatilgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ba’zi suriyaliklar Asadni qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiyaga nisbatan sadoqat his qilsalar, boshqalari shunchaki pul uchun jangga kirishadi, yana bir guruh yollanma askarlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangovar bo‘lmagan ishlarga (masalan, bazalar yoki neft inshootlarini qo‘riqlash) jalb qilinishi haqidagi va’dalariga ishonadi.
Nashr manbasining aytishicha, Rossiya Ukrainaga qarshi urushga Suriyadan 16 ming yollanma askarni jalb qilmoqchi. Jang tajribasiga ega erkaklarga ustunlik beriladi.
NYT’ga ko‘ra, Rossiyada bo‘lgan 300 ga yaqin askar Suriya armiyasining “Yo‘lbars kuchlari” deb nomlanuvchi 25-diviziyasidandir. Ular elita sanaladi va rus zobitlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Ruslar ularga olti oy davomida oyiga 1200 dollar, Suriyaga qaytganlarida esa 3000 dollar bonus taklif qilishgan.
Avvalroq RF Prezidenti Vladimir Putin pullik askarlar yollashga, xususan, Yaqin Sharqdagi urushga qo‘shilmoqchi bo‘lganlarni urush maydonlariga yetib olishiga yordam berishga rozilik bildirgandi.
Keyinroq esa Rossiya TIVning o‘zi Ukraina urushda Yaqin Sharqdan olib kelingan ISHID terrorchilaridan foydalanayotganini da’vo qilib chiqqandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi