Rossiya-Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi eng ko‘p kimga “yoqmasligi” aytildi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Amerika Qo‘shma Shtatlari Yevropadagi vaziyatni ataylab beqarorlashtiradi hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlarni tugatishdan eng kam manfaatdor. Bu fikrni Xitoyning “Global Times” gazetasi mualliflari bildirgan. 

“Qo‘shma Shtatlar butun Yevropa bo‘ylab eng katta beqarorlashtiruvchi omil hisoblanadi. Qo‘shma Shtatlar Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan boshqalarga qaraganda kamroq manfaatdor”, deyiladi xabarda. 

Unda aytilishicha, Vashington Rossiya-Ukraina tinchlik muzokaralarini olg‘a siljitmoqchi emas, aksincha, mojaroni kuchaytirishga, murosaga kelishga tayyorligini bildirgan Moskva va Kiyevning qarorini sovutishga harakat qilmoqda. Mualliflarning qayd etishicha, agar o‘z xavfsizligini kafolatlashga intilayotgan har ikki tomonning xavotirlari inobatga olinsa, joriy vaziyatda AQSH, shuningdek, NATOning roli avtomatik ravishda zaiflashadi. 

“Qo‘shma Shtatlar, shubhasiz, [ijobiy] natijalarni ko‘rishni istamaydi”, deyiladi maqolada. 

Gazeta mualliflarining ta’kidlashicha, Ukraina mojarosi “Ukraina va Qo‘shma Shtatlarni yanada chambarchas bog‘lagan”, shu munosabat bilan Kiyev “Vashington bilan yanada ko‘proq muvofiqlashadi”. 

Avvalroq, Buyuk Britaniya Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik bitimining juda erta imzolanishiga qarshi, degan fikrlar paydo bo‘lgandi. Qayd etilishicha, London Ukraina harbiy mavqeini yaxshilasa, keyin kelishuvga erishish kerak, deb hisoblaydi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

84

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing