Rossiya rasman terrorchi davlat sifatida tan olinishi kerak – Zelenskiy
Olam
−
15 iyul 2022
5386Rossiyani terrorchi davlat deb e’lon qilish kerak va Ukrainadagi harbiy jinoyatlarlar bo‘yicha xalqaro tribunal tashkil etish kerak. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushning 141-kuni yakuniga bag‘ishlangan kechki videomurojaatida aytib o‘tdi.
U Vinnitsaga uyushtirilgan raketa hujumiga bag‘ishlangan nutqini odatdagidek Ukraina fuqarolariga emas, demokratik dunyoga murojaat qilish bilan boshlagan.
“Bu kun Rossiyani terroristik davlat sifatida rasman tan olish kerakligini yana bir bor isbotladi. Dunyoning hech bir davlati Rossiya kabi terroristik xavf tug‘dirmaydi. Dunyoning birorta davlati har kuni tinch shaharlar va oddiy aholi hayotini qanotli raketalar hamda raketa artilleriyasi bilan yo‘q qilishga yo‘l qo‘ymaydi”, degan Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti Vinnitsaga hujum oqibatida to‘rt yashar qiz qurbon bo‘lganini aytarkan, Rossiya Gaagada (Niderlandiya) ruslarning harbiy jinoyatlari yuzasidan konferensiya o‘tkazilayotgan bir pallada qizaloqning umriga zomin bo‘lganini qayd etgan.
“Konferensiyada har bir rus harbiysi jazolanishi uchun nima qilish kerakligi hal qilinayotgandi. Bunday jasoratga yo‘l qo‘ygan boshqa bir terrorchi tashkilotni eslaysizmi? Oldingi jinoyatlari xalqaro muhokama mavzusi bo‘lganda o‘ldirish...
Bu bilan Rossiya xalqaro huquqqa, Yevropaga, butun rivojlangan dunyoga o‘z munosabatini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi bo‘yicha zudlik bilan maxsus tribunal zarurligi borasida hech kimda shubha bo‘lishi mumkin emas”, degan Zelenskiy.
Ma’lumot uchun, 14 iyul kuni ertalab front chizig‘idan yuzlab kilometr uzoqlikda joylashgan Vinnitsa shahri markazi raketalardan o‘qqa tutildi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, zarba Qora dengizdagi Rossiya suv osti kemasidan otilgan “Kalibr” qanotli raketalari bilan berilgan.
Hujum oqibatida hozircha kamida 23 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Ukraina rasmiylari e’lon qilgan suratlardan shahar markazi vayron bo‘lganini, ko‘p qavatli bino vayrona holga kelganini ko‘rish mumkin.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi