Rossiya ortidan AQSH ham yadroviy qurollarini shay holatga keltiradimi? Blinken javob berdi

Olam

image

AQSH hozirda o‘z strategik kuchlarining tayyorgarligi darajasini oshirish niyatida emas. Bu haqda kecha, 2 mart kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Davlat departamentida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

“Prezident [Vladimir] Putinning yadroviy kuchlar haqidagi bayonotlariga kelsak, birinchidan, sizlarga ma’lumki, Rossiya va Qo‘shma Shtatlar yadro qurolidan foydalanish butun dunyo uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi haqida ancha oldin kelishib olishgan” degan Blinken Rossiya rahbarining yadroviy kuchlarni maxsus jangovar navbatchilik rejimiga o‘tkazish haqidagi buyrug‘ini izohlar ekan. 

Davlat kotibi avvalroq Moskva va Vashington “yadro urushida g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, uni boshlash mumkin emas”, deb ta’kidlaganini eslatgan.

“Yadro quroli haqidagi provokatsion bayonotlar mas’uliyatsizlikning cho‘qqisidir, bu xavfli, bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Biz Prezident Putinning buyrug‘i, uning bayonotlarini baholadik va hozircha [strategik kuchlarning] tayyorlik darajasini o‘zgartirish uchun hech qanday sabab ko‘rmayapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan Blinken.

O‘tgan hafta Putin NATOning yetakchi davlatlarining yuqori martabali amaldorlari tajovuzkor bayonotlar bildirayotganini ta’kidlab, bunga javoban strategik kuchlarni maxsus shay holatga keltirishni buyurgandi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

67

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing