Rossiya navbatdagi javob sanksiyalarini tayyorlayapti
Olam
−
30 mart 2022
19699Rossiya hukumati tashqi bosimlarga qarshi yangi javob sanksiyalar paketi ustida ishlamoqda. Bu haqda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin hukumatning Davlat dumasidagi hisoboti arafasida Kommunistik partiya fraksiyasi vakillari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya so‘nggi haftalarda yuz bergan kuchli tashqi bosim fonida Vazirlar Mahkamasi uchun deputatlik korpusi bilan yaxshi muvofiqlikda ishlash juda muhim.
"Biz ustuvor harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz. Ularning barchasi Prezident bilan to‘liq aloqada ishlab chiqilmoqda. Ularning ba’zilari Dumaga boradi, qator qarorlar esa hukumat hujjatlari bilan chiqariladi. Bilasizmi hozirda yana bir javob sanksiyalar paketi tayyorlanyapti”, degan Bosh vazir Mishustin.
Mishustinning tushuntirishicha, Vazirlar Mahkamasi hisobot oldidan qonunchilar bilan “joriy rejalarni birgalikda muhokama qilish”, ularni amalga oshirish yo‘llarini belgilash va “mavjud vaziyatda mamlakat uchun eng muhim” vazifalarni ko‘rib chiqish maqsadida yig‘ilishlar o‘tkazmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi