Rossiya KXDRdan snaryad va raketa sotib olishga majbur bo‘lyapti – NYT
Olam
−
06 Sentabr 2022
9644Rossiya Shimoliy Koreyadan millionlab artilleriya snaryadlari va raketalarini sotib olmoqda, bu global sanksiyalar uning ta’minot zanjirlarini keskin cheklab qo‘yganini va Moskvani harbiy ta’minot uchun quvg‘indi davlatlarga murojaat qilishga majbur qilganidan guvohlik beradi. AQSH razvedkasining yaqinda oshkor qilingan ma’lumotlari buni tasdiqlaydi, deb yozadi “The New York Times”.
AQSH hukumati rasmiylari fikricha, Rossiyaning dronlar uchun Eronga, hozir esa Shimoliy Koreyaga murojaat qilish qarori G‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalar va eksport nazorati Moskvani o‘z harbiylarini ta’minlashga to‘sqinlik qilayotganidan dalolatdir.
AQSH rasmiysining aytishicha, Rossiya qisqa masofali raketalar va artilleriya snaryadlaridan tashqari, kelgusida Shimoliy Koreyadan qo‘shimcha uskunalar sotib olishga harakat qilishi kutilmoqda.
“Kreml Shimoliy Koreyadan umuman biror narsa sotib olishga majbur bo‘lishidan xavotirga tushishi kerak”, deydi Urushni o‘rganish institutining Rossiya jamoasi rahbari Meyson Klark.
NYT’ning qayd etishicha, iqtisodiy sanksiyalar hozircha Rossiyaga zarar yetkazmagan. To‘liq bosqindan keyin ko‘tarilgan energiya narxlari uning g‘aznasini to‘ldirdi va Moskvaga banklarining xalqaro moliyalashtirishdan uzilishi va eksport va import cheklovlari oqibatlarini yumshatish imkonini berdi. Ayrim rus oligarxlariga qarshi sanksiyalar ham Vladimir Putinning qudratiga putur yetkaza olmadi.
Ammo AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, Rossiya o‘z harbiy kuchlarini tiklash qobiliyatiga kelganida, Yevropa va AQSHning iqtisodiy harakatlari samara bergan. AQSH va Yevropa sanksiyalari Rossiyaning ushbu qurol yoki qurollarni ishlab chiqarish uchun elektronika mahsulotlari sotib olish imkoniyatini bloklagan.
Moskva Xitoy ushbu cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam beradi va Rossiya armiyasini ta’minlashda davom etadi, deb umid qilgan. Ammo AQSH rasmiylarining fikricha, Xitoy Rossiya neftini chegirma bilan sotib olishga tayyor bo‘lsa-da, hozircha Rossiya harbiylariga qaratilgan eksport cheklovlariga rioya qilgan va harbiy texnika va butlovchi qismlarni sotishga urinmagan.
Shu bois Rossiya diqqatini Eron va Shimoliy Koreyaga qaratgan. Ikki davlat sanksiyalar tufayli xalqaro savdodan asosan uzilib qolgan, shuning uchun ular Rossiya bilan hamkorlik qilish orqali deyarli hech narsa yo‘qotmaydi. Shu bilan birga, Shimoliy Koreyadan qurol sotib olish bo‘yicha har qanday kelishuv BMTning Pxenyandan qurollar tarqalishini cheklashga qaratilgan rezolyutsiyalarini buzish bo‘ladi.
AQSH rasmiysining aytishicha, Shimoliy Koreya bilan yangi kelishuv Moskvada umidsizlik borligini ko‘rsatadi. Amerika tadbirkorlik institutining harbiy eksperti Frederik Kaganning fikricha, Shimoliy Koreyaga murojaat qilish Rossiya urush olib borish uchun zarur bo‘lgan asosiy vositalarni ishlab chiqara olmasligidan dalolatdir.
Zero, Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilayotgan 152 millimetrli artilleriya snaryadi yoki “Katyusha” raketasidan boshqa yuqori texnologiyali hech narsa yo‘q.
“Kreml Shimoliy Koreya yoki boshqa birovdan artilleriya snaryadlari yoki raketalarini sotib olishining yagona sababi – Putin Rossiya iqtisodiyotini hatto eng oddiy darajadagi urushga safarbar qilishni xohlamagani yoki qila olmaganidir”, deydi Kagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi