Rossiya ilk bor Ternopolga hujum qildi

Olam

image

Kecha, 3 aprel kuni taxminan soat 22:20 da Rossiya harbiylari keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri birinchi marta Ternopol viloyatiga hujum qildi. Viloyat harbiy ma’muriyati raisi Vladimir Trush bugun, 4 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilishicha, strategik ob’ektlardan biri jiddiy zarar ko‘rgan.

“Kecha birinchi parvoz bo‘ldi. Tahdidni bartaraf etgan Ukraina Qurolli kuchlariga rahmat. Parchalar muhim infratuzilma ob’ektiga zarar yetkazdi. Bu ob’ekt hozirda foydalanish uchun yaroqsiz. Men ob’ektning joyi va nomini ko‘rsatmayman. Jamoatchilik uchun Qurolli Kuchlarimiz ishlayotganini bilish juda muhim, hozir voqea joyida qutqaruvchilar politsiya bilan birgalikda bu faktni hujjatlashtirmoqda”, degan Trush.

U hujumda hech kim qurbon bo‘lmaganiga ishontirgan.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Bogomolning tushuntirishicha, Ternopol viloyatidagi muhim infratuzilma ob’ektlarini qo‘riqlayotgan Milliy gvardiya, politsiya, hududiy mudofaa, Ukraina Qurolli kuchlarining barcha vakillari ushbu ob’ektlarga hujum qilingan taqdirda talafotni minimallashtirish uchun xavf signali berib, darhol xabardor qiladi.

“Biz yaqin atrofda yashovchi tinch aholini ham xabardor qilmoqdamiz. Kecha Ternopol viloyati birinchi marta o‘qqa tutildi. Menimcha, bu oxirgisi bo‘lmaydi. Shuning uchun hammamiz tayyor bo‘lishimiz kerak”, degan Bogomol.

Shuningdek, u hujum qilinganidan so‘ng portlash joyi yaqinida dron ko‘ringanini aytgan.

“Turli xil sabotaj va razvedka guruhlari ishlamoqda. Agar siz dronni ko‘rsangiz, politsiyaga xabar bering. Chunki bu razvedka yoki jangovar bo‘lishi mumkin. Shuningdek, dron operatorini ko‘rsangiz xabar bering. Garchi operator drondan ancha uzoqda bo‘lishi mumkin”, degan Bogomol.

Trush, o‘z navbatida, o‘qqa tutilgan hudud aholisini o‘zlari bilgan barcha ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda darhol tarqatmaslikka chaqirgan.

Odessa viloyati harbiy ma’muriyati spikeri Sergey Bratchukning aytishicha, 4 aprel kuni ertalab bosqinchilar Odessadagi ob’ektlardan biriga raketa hujumi uyushtirgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

25

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing