Rossiya Britaniya elchixonasining “peshonasi”ga LXR nomini qadadi

Olam

image

Buyuk Britaniyaning Rossiyadagi elchixonasi binosi yonidagi nomsiz hududga “Lugansk xalq respublikasi maydoni” nomi berildi. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin kecha, 5 iyul kuni imzolagan farmonda keltirilgan.

Moskva merining rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, Britaniyaning Rossiyadagi elchixonasi yangi rasmiy manzilga ega bo‘lgan. Endilikda diplomatik vakolatxona quyidagi manzilda joylashgan: Rossiya Federatsiyasi Moskva shahri Lugansk xalq respublikasi maydoni 1-uy. Ilgari elchixona Smolensk qirg‘og‘ida joylashgan edi.

Qayd etilishicha, mazkur qaror “Faol fuqaro” platformasida tashkil etilgan ovoz berish dan so‘ng qabul qilindgan. Shahar meri xabariga ko‘ra, unda 109 603 kishi ishtirok etgan va 56,85 foiz odam Britaniya elchixonasi oldidagi nomsiz maydonga Lugansk xalq respublikasi nomi berishni ma’qullagan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 8 iyun kuni Moskva shahar dumasi deputatlari Germaniya elchixonasi yonidagi maydonga “Lugansk xalq respublikasi maydoni” nomini berish tashabbusi bilan chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rossiyadagi elchixonasi binosi yonidagi nomsiz hududga “Donetsk xalq respublikasi maydoni” nomi berilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Lugansk xalq ruspublikasi maydoni

Baholaganlar

17

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing