Rossiya Putinning ma’shuqasiga sanksiya kiritgan Avstraliyaga javob qaytardi

Olam 17542
image

Rossiya Federatsiyasi 39 nafar avstraliyalikning mamlakatga kirishini taqiqladi. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni Rossiya TIV tarqatgan bayonotda keltirilgan.

“Rasmiy Kanberraning avstraliyalik “Magnitskiy qonuni” analogi bo‘yicha sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi oldingi qaroriga javoban Rossiya Federatsiyasi o‘zaro kelishuv asosida Avstraliyaning huquqni muhofaza qilish idoralari vakillaridan qo‘shimcha ravishda 39 kishini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi”, deyiladi xabarda.

“Qora ro‘yxat”ga tushganlar orasida Avstraliya Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari Mark Eblong va Endryu Kefford, “Serco” infratuzilmasi boshqaruvchi direktori Ben Beyot, Avstraliya chegara qo‘riqlash komissari Maykl Outrem ham bor.

“Ularning Rossiya Federatsiyasiga kirishi taqiqlanadi”, deyiladi Rossiya bayonotda.

Avvalroq, Avstraliya Ukrainadagi urush munosabati bilan 16 nafar rossiyalikga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy qilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur “qora ro‘yxat”ga milliarder God Nisanov, Vladimir Putinning qarindoshlari — Roman, Mixail va Igor Putin hamda Alina Kabayeva ham kiritilgandi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yulduz Abdurashidova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 61
Reyting: 3.1
t
×